Pokistondagi qonli otishmada 12 politsiyachi halok bo‘ldi
Olam
−
11 may 2782 2 daqiqa
Kecha, 10 may kuni Pokistonning shimoli-g‘arbidagi Bannu hududi – Afg‘oniston chegarasi yaqinida joylashgan qo‘riqlash posti oldida avtomobil portladi va undan keyin boshlangan qurolli to‘qnashuv oqibatida kamida 12 nafar politsiya xodimi halok bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yana uch nafar politsiyachi tirik holda topilib, shifoxonaga olib ketilgan.
Hujum uchun javobgarlikni “Ittihod-ul-Mujohidin Pokiston” guruhi o‘z zimmasiga olgan. Mazkur tashkilot “Harakat-ul-Mujohidin” bilan bog‘liq hisoblanadi.
Nashr manbasiga ko‘ra, hujumchilar avval portlovchi moddalar ortilgan avtomobilni postga urib kirgan, keyin esa binoga bostirib kirib, o‘q uzishni boshlagan.
Shaxsi sir saqlangan politsiya vakilining aytishicha, yordamga kelgan xavfsizlik kuchlariga ham jangarilar tomonidan tuzoq qo‘yilgan.
So‘nggi oylarda Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlarida jangarilar hujumlari keskin ko‘paygan.
Afg‘oniston fevral oyi oxirida Pokistonga qarshi harbiy operatsiya boshlagan edi. 22 fevral kuni Pokiston axborot vazirligi mamlakat Qurolli kuchlari chegara hududidagi “terrorchi lagerlar”ga zarba berganini ma’lum qilgan.
2 aprel kuni esa Pokiston “Tolibon” hukumati bilan tinchlik muzokaralari olib borayotganini tasdiqlagan.
Ma’lumot uchun, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi chegara mojarosi 1947 yildan beri davom etib keladi. Qobul Dyurand chizig‘ini ikki davlat o‘rtasidagi rasmiy chegara sifatida tan olmaydi. Pokiston esa Afg‘onistonni “Tehrik-i-Tolibon Pokiston” guruhini yashirishda ayblab keladi. Islomobodga ko‘ra, ushbu harakat Pokiston hukumatini ag‘darishni maqsad qilgan.
Mohina Qudratillayeva
Live
Barchasi