Polshada Rossiyaning so‘nggi bosh konsulxonasi yopildi
Olam
−
16:48 1287 2 daqiqa
Bugun, 22 dekabr kuni Polshada Rossiya Federatsiyasining oxirgi bosh konsulxonasi o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Polshaning Gdansk shahridagi Rossiya bosh konsulxonasi o‘z ishini yakunlagan. Shu tariqa, Polsha hududida rossiyaliklar va xorijiy fuqarolarga konsullik xizmatlari endi faqat Varshavadagi Rossiya elchixonasining konsullik bo‘limi orqali ko‘rsatiladi.
Qayd etish joiz, joriy yil noyabr oyi o‘rtalarida Polsha Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Gdanskdagi konsullik vakolatxonasining faoliyat yuritishiga berilgan ruxsatni bekor qilishga qaror qilganini e’lon qilgandi. Bunga Polshaning Mazoviya voyevodligi politsiyasi Ukrainaga olib boruvchi temiryo‘l liniyasiga shikast yetkazilgani haqida xabar bergani sabab bo‘lgan.
Shundan so‘ng Polsha bosh vaziri Donald Tusk temiryo‘ldagi diversiyani Ukrainadan bo‘lgan ikki nafar fuqaro sodir etganini, ular Rossiya bilan hamkorlik qilganini ma’lum qildi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa temiryo‘ldagi diversiya bilan bog‘liq vaziyatda ukrainaliklarning tilga olinishi e’tiborga molik ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, Polshada Rossiya gibrid urushning barcha ko‘rinishlarida ayblanadi va Moskva temiryo‘ldagi diversiyada ham ayblanmagani “g‘alati bo‘lar edi”.
Noyabr oxirida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Polsha elchisiga joriy yil 30 dekabrdan boshlab Irkutsk shahridagi Polsha bosh konsulxonasining faoliyatiga rozilik bekor qilinishi haqida nota topshirilganini ma’lum qildi. Bu qaror Polsha hukumati Rossiyaning Gdanskdagi bosh konsulxonasi faoliyatiga berilgan rozilikni qaytarib olganiga javob chorasi sifatida qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil oktyabr oyida Polsha Rossiyaning Poznandagi bosh konsulxonasini, 2025 yil may oyida esa Krakovdagi bosh konsulxonasini yopgan edi. Bunga javoban Rossiya Polshaning Sankt-Peterburg va Kaliningraddagi konsulxonalarining faoliyatiga berilgan rozilikni bekor qilgan.
Live
Barchasi