Poytaxtda narkojinoyatchilar soni 4 mingdan oshdi – Shavkat Mirziyoyev
3-sahifa
−
27 yanvar 3340 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev narkojinoyatchilik va uyushgan guruhlarga qarshi kurash bo‘yicha narkokanallarning oxirgi manbasi va homiylarigacha yetib borish uchun mas’ullarda qat’iyat yo‘qligini tanqid qildi. Bu haqda bugun, 27 yanvar kuni Mirziyoyev Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.
Davlat rahbariga ko‘ra, poytaxtda narkojinoyatlarning soni 4 mingdan oshgan. Qo‘lga olingan 112 ta uyushgan jinoiy guruh 1 ming 300 dan ortiq jinoyat qilgan.
Mazkur jinoyatlar uchun aybli deb topilganlar jazoni yarmini ham o‘tamasdan ozodlikka chiqmoqda. Oqibatda bu jinoyatni takroran qilganlar uch yilda 125 foizga ko‘paygan.
Prezident Administratsiyasi shug‘ullanishni boshlagandan keyin bu masalada o‘zgarish bo‘lgani ta’kidlangan. So‘nggi uch oyda respublika bo‘yicha 50 ga yaqin yirik narkoguruhlar qo‘lga olinib, yarim tonna narkotiklar muomalasiga chek qo‘yilgan.
“Eng yomoni, chet davlatlarda ham o‘zimizning fuqarolar uyushgan guruhlar tuzib, yurtimizdan borganlarga nisbatan tovlamachilik, zo‘ravonlik, tadbirkorligiga raxna solish bilan shug‘ullanyapti. O‘zbeklarning chet eldagi ommaviy mushtlashuvlari yurtimiz obro‘siga putur yetkazyapti”, degan Shavkat Mirziyoyev.
O‘tgan yilning o‘zida chet elda og‘ir ahvolga tushgan 3 ming 700 nafar fuqarolar mamlakatga qaytarilgan. 192 nafar fuqaro odam savdosi qurboniga aylangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tkazilayotgan videoselektr yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev huquq-tartibot idoralari rahbarlari respublikaga namuna bo‘lmayotganini aytgandi.
Live
Barchasi