Prezident Ibrohim G‘ofurov vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi
Jamiyat
−
07 iyun 3587 3 daqiqa
Kecha, 6 iyun kuni yozuvchi va tarjimon, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘ofurov 89 yoshida vafot etgandi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ibrohim G‘ofurovning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
“Zahmatkash olim, atoqli adib, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Ibrohim G‘ofurovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi ta’ziya matnida.
Ma’lumot uchun, Ibrohim G‘ofurov – 1937 yil 27 dekabrda Toshkentda hunarmand oilasida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgach, 1956–1961 yillarda SAGU (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetida o‘qigan. 1961–1982 yillarda Davlat badiiy adabiyot nashriyotida kichik muharrir, tahririyat mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2025 yil Ogahiy nomidagi Xalqaro badiiy tarjimonlik tanlovida jahon nasridan o‘zbek tiliga tarjima yo‘nalishi bo‘yicha taqdirlangan.
Mumtoz adabiyot, folklor, adabiy tanqid, badiiy tarjima, ko‘p tomlik asarlarning nashr etilishida munosib hissa qo‘shgan. 1982–1995 yillarda “O‘zbekiston adabiyot va san’ati” gazetasida bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 1995 yilda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasini tashkil etgan. U mazkur partiyaning raisi (1996 yildan), “Milliy tiklanish” gazetasining bosh muharriri bo‘lgan.
Ibrohim G‘ofurov “Go‘zallikning olmos qirralari” (1964), “Unutilmagan bog‘” (1965), “Joziba” (1970), “Yonar so‘z” (1973), “Yam-yashil daraxt” (1976), “Yurak-alanga” (1980), “Lirikaning yuragi” (1982), “She’riyat – izlanish demak” (1984), “O‘ttiz yil izhori” (1987), “Dil erkinligi” (1998) singari adabiy-tanqidiy, badiiy kitoblar muallifi. U “Darvoza”, “Humo qushim”, “Qaldirg‘ochim” singari she’riy nasrlar yoxud mansuralari bilan e’tibor qozongan. “Yangi asr avlodi” nashriyoti tomonidan muallifning 20 jildlik asarlarini nashr etish rejalashtirilib, hozirgacha 8 jildi chop etilgan.
Ibrohim G‘ofurov jahon adabiyotidan Mopassanning “Azizim” asari bilan tarjimonlik olamiga kirib kelgan. Keyinchalik “Jinoyat va jazo”, “Telba”, “Qimorboz”, “Aka-uka Karamazovlar”, “Iblislar”, “Ayrilmas er” (F. Dostoyevskiy), “Alvido, qurol”, “Chol va dengiz” (E. Xeminguey), “Qiyomat”, “Chingizxonning oq buluti” (Ch. Aytmatov), “Yong‘in” (V. Rasputin), “Buzrukning kuzi” (G. G. Markes) singari asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Eng mashhur tarjimasi Jeyms Joysning “Uliss” shoh asaridir.
Ibrohim G‘ofurov filologiya fanlari nomzodi (1973), O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti (1989) laureati, “Do‘stlik” ordeni sohibi (1995). 1996 yildan u I va II chaqiriq O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati. Parlamentda “Milliy tiklanish” fraksiyasi rahbari, 2000 yildan Oliy Majlis matbuot va axborot qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘lgan. 2021 yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
Live
BarchasiMetroda poverbank yonib ketdi
08 iyun