Prezident madaniyat va san’at sohasi xodimlarini bayram bilan tabrikladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 15 aprel – Madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlariga tabrik yo‘lladi. 

Davlat rahbari o‘z tabrigini o‘zining betakror iste’dodi, bilim  va mahorati bilan el-yurtga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan san’at ustalari va yosh ijrochilarga, barcha soha xodimlariga fidokorona mehnati uchun samimiy minnatdorlik bildirishdan boshlagan. 

“So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalar qatori madaniyat va san’at tizimini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish bo‘yicha ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada sohaning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanib, xodimlarning ijodiy mehnati munosib rag‘batlantirilmoqda.

Teatr, kino, muzey va madaniy tadbirlar, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati izchil yaxshilanmoqda.

Zamonaviy boshqaruv mexanizmlari joriy etilib, davlat-xususiy sheriklik asosida yangi ijodiy loyihalar, raqamli texnologiyalar va ilg‘or tajribalar amaliyotga tatbiq etilayotgani, madaniy kontent yaratish ko‘lami kengayib borayotgani madaniyat muassasalari faoliyatida samaradorlik va jozibadorlikni yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Keyingi yillarda yurtimizda 2 ta teatr, 19 ta madaniyat markazi, 16 ta muzey, 20 ta musiqa va san’at maktabi hamda ushbu yo‘nalishda 5 ta oliygoh tashkil etildi, ko‘plab muassasalar zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi, 125 ta tarixiy-madaniy meros ob’ektida ularni asrash va tiklash bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirildi.

O‘tgan yili tasviriy va amaliy san’at sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qildik. Toshkent shahrida O‘zbekiston Milliy muzeyi binosi qurilishi boshlandi”, deyiladi tabrikda.

Davlat rahbari joriy yilda Markaziy ko‘rgazmalar zali, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi fondining binosi, Pavel Benkov nomidagi rassomlik maktabida qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilgani, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishini eslatgan.

“Yana bir muhim jarayon – o‘zbek madaniy diplomatiyasi izchil rivojlanmoqda. Nufuzli xalqaro forumlar, tanlovlar, festivallar hamda madaniyat kunlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Xususan, o‘tgan yili Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining sessiyasi, Buxoroda Birinchi xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi, Nukusda Orol madaniyati sammiti, Xorazmda Turkiy dunyo madaniyat forumi, Toshkentda esa Markaziy Osiyo va Ozarbayjon madaniyat vazirlarining birinchi uchrashuvi yuqori saviyada tashkil etildi.

Eng muhimi, Vatanimizning san’at sohasida xalqaro jarayonlardagi ishtiroki kengayib, nufuzi ortib bormoqda”, deydi Prezident.

Shuningdek, Prezident, o‘zbekistonlik san’atkorlarning Yevropadagi nufuzli madaniyat maskanlaridagi chiqishlari xorijlik san’at muxlislarida katta qiziqish uyg‘otayotgani, bu haqda so‘z yuritganda, Avstriyaning Zalsburg shahridagi Grosses Festspielhaus sahnasida O‘zbekiston Milliy baleti guruhi tomonidan “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” baleti namoyish etilganini e’tirof etgan.

Shu yil 9 aprelda yana bir yirik san’at maskani – Musikverein sahnasida Sohibqiron Amir Temurning 690 yillik tavallud sanasiga bag‘ishlangan musiqali opera asarining taqdimoti o‘tkazilgani qayd etilgan.

“Milliy kino san’atimizni rivojlantirish, xususan, “Tirik tarix” turkumida g‘oyaviy va badiiy yuksak asarlar yaratish borasidagi ishlar dastlabki natijalarni bermoqda. O‘tgan yili davlat buyurtmasi asosida 123 ta kinofilm tayyorlanib, tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.

O‘tgan yilning o‘zida sohada uzoq yillardan buyon mehnat qilib kelayotgan 35 nafar xodim uy-joy bilan ta’minlandi. Madaniyat muassasalari xodimlari ish haqi o‘rtacha 35 foizga oshirildi. Dramaturglar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy, yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yo‘ldoshev, yosh xonandalar uchun Botir Zokirov nomidagi mukofotlar hamda mahalliy va xorijiy ijodkorlar uchun “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti taqdim etib kelinmoqda”, deydi Prezident.

Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, bugungi kunda madaniyat va san’at sohasini ma’naviy tarbiya vositasi va kreativ iqtisodiyotning muhim tarmog‘i sifatida rivojlantirish, ijodiy industriyani qo‘llab-quvvatlash, madaniy xizmatlar bozorini taraqqiy ettirish, san’at mahsulotlari eksportini kengaytirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Yangi tashkil etilayotgan Kreativ industriya parki ayni shu maqsadlarga xizmat qiladi. Prezidentning urg‘ulashicha, 2030 yilgacha kreativ iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 5 foizga yetkaziladi. 

“Albatta, bu ulkan reja va tashabbuslarni amalga oshirishda siz, jonkuyar va fidoyi insonlarning o‘rni beqiyosdir. Sizlarning bilimingiz, tajribangiz va ijodiy salohiyatingiz milliy madaniyatimizni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonchim komil.

Biz bundan buyon ham sohani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ijodiy va texnik xodimlar mehnatini munosib qadrlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz”, deydi davlat rahbari. 

Prezident madaniyat va san’at sohasi xodimlarini bugungi kasb bayrami bilan tabriklab, ularga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, yangi ijodiy yutuqlar, xonadoniga tinchlik va fayzu baraka tilagan. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Madaniyat va san'at sohasi xodimlari kuni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing