Ko‘zni moshdek ochadigan vaqt keldi yoxud yangi tizimga qarshilar “uchadi”

Tahlil

2026 yilda asosiy soliq stavkalari oshirilmaydi. Avtomobil yo‘llari dunyo standartlariga moslashtiriladi. Fuqarolarga uy-joy sotib olishda boshlang‘ich to‘lov va foiz to‘lovlarini qoplash uchun 2 trillion 700 milliard so‘m subsidiya ajratiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida ma’lum qildi.

Prezident Murojaatida, Korrupsiyaga qarshi kurash masalasi keskin va qat’iy ohangda ko‘tarildi. 2026 yilda bu illatga qarshi “favqulodda holat” e’lon qilinadi, barcha idoralarda komplayens va ichki nazorat kuchaytiriladi, rahbarlar Prezident oldida bevosita hisobot beradi. Hatto tuman hokimlarning ham oyligi ko‘tarib qo‘yilgani, hozir ular juda yaxshi oylik olayotganligi alohida aytildi. Endi davlatning har bir so‘mi nazoratga olinadi. Bu gaplar ko‘pchilikka yoqmasligi tabiiy lekin endi amaldorlarning jilovi mahkam tortiladi.

“Qonun oldida hamma teng! Xavfsizlik xizmati, ichki ishlar, prokuratura, soliq, bojxona, moliya, bank, yirik davlat kompaniyalari, vazirlik va hokimliklar, bir so‘z bilan aytganda, birorta idora va tashkilot nazoratdan chetda qolmaydi. Komplayens xizmatining faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar korrupsiyaga sherik deb baholanadi va javobgarlik shunga mos holda bo‘ladi", dedi davlat rahbari.

Shu o‘rinda, tadbirkorlarga bosim o‘tkazadigan, o‘zlaridan vallomat yasab oladigan jinoiy to‘dalar haqida ham gapirildi. Hattoki, xorijiy davlatlarda O‘zbekiston fuqarolaridan iborat jinoiy to‘dalar borligi jiddiy holat ekanligi aytib o‘tildi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni qattiq qoraladi. O‘zbekistonda ayollar yolg‘iz va o‘z holiga tashlab qo‘yilmasligi ta’kidlandi.

Endilikda, sud tizimi yanada adolatli va shaffof bo‘ladi. Qonun ustuvorligi har doim har yerda ta’minlandi. Tergovni ham raqamlashtirish orqali inson huquqlari himoyasi yanada kuchaytiriladi. Bunda jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan boshlab, ishni sudga o‘tkazishgacha bo‘lgan bosqichlarga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi va inson omili qisqartiriladi. 2026 yildan tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish hamda bekor qilish vakolatlari ham beriladi.

Global savdo tizimida “o‘yin qoidalari” o‘zgarayotgan bir paytda, tarixda birinchi marta O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 145 milliard dollardan oshdi. Joriy yil eksport 23 foizga oshdi. Bu ko‘rsatgich kelgusi yilda 33,4 milliard dollarga yetishi rejalashtirilgan. Eng muhimi, oltin-valyuta zaxiralari ilk bor 60 milliard dollardan oshdi. Bundan ikki yil oldin “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida yalpi ichki mahsulot hajmini 2030 yilgacha 160 milliard dollarga yetkazish belgilangan edi. Amalga oshirilgan jadal islohotlar natijasida ushbu marraga 2026 yilda bemalol erishilishi mumkinligi aytildi.

Murojaatnomada, xorijiy investorlarni yanada keng jalb qilish hamda mamlakatni dunyo miqyosida jadal rivojlantirish uchun mahalliy va xalqaro magistral yo‘llarni jahon standartlariga moslashtirish kerakligi ma’lum qilindi. Bunda uzoq hududlarni tutashtiruvchi qisqa masofali yo‘llar bunyod etilishi, turizm va ekologik madaniyatga alohida e’tibor qaratilishi aytildi.

Eski mashinalarning poytaxt, viloyat markazlari hamda shaharlarga kirishi cheklanadi. Shuningdek, eski avtomobillarni yangisiga almashtirishda davlatning o‘zi yordam beradi. Ekologiyani yaxshilash maqsadida Ekostikerlar tatbiq etiladi. Shu bilan birga, elektromobillar uchun bir qancha imtiyozlar joriy etiladi. Masalan, eski avtomobillarni almashtirish va filtr o‘rnatishga subsidiya ajratiladi, mahalliy elektromobillarga 12 foizli, xorijiy elektromobillarga esa 16 foizli avtokreditlar ajratiladi.

2026 yildan boshlab Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, uni mintaqadagi iqtisodiy jarayonlarga keng jalb qilish asosiy maqsadlardan biriga aylanadi. Qo‘shni va xorijiy davlatlar bilan aloqalar yangi bosqichga ko‘tariladi. Kelgusi yilda ham Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Iordaniya, Quvayt, O‘mon, Hindiston, Pokiston O‘zbekistonning asosiy sheriklari bo‘lib qoladi. Shuningdek, boshqa davlatlar bilan ko‘pqirrali va o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish bundan buyon ham e’tibor markazida bo‘lishini Prezident aytib o‘tdi.

2023 yildan buyon tashqi qarz miqdorini Parlamenti belgilab kelayotgandi. Prezident endi davlat kafolati ostida tashqi qarz olish masalasini ma’qullashni ham Parlament vakolatiga o‘tkazishni taklif qildi. Bundan buyon davlat xaridlarida tovar, ish va xizmatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish mumkin bo‘lgan holatlar faqat qonun bilan belgilanadi.

Shuningdek, mahallani rivojlantirish bo‘yicha kompleks yondashiladi. Har bir viloyatda 2-3 tadan tuman tanlab olinib, hamma mahallasidagi barcha muammolarni bir vaqtning o‘zida hal qiladigan tizim yaratiladi. Parallel ravishda tadbirkorlik infratuzilmasi ham rivojlantiriladi.

Ushbu maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 8,5 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi. Deputatlarga o‘z okrugidagi muammolarni hal etish uchun 500 milliard so‘m berilmoqda. Bu borada “yashil hudud”, “yashil bog‘” yaratish bo‘yicha har bir deputatning tashabbusiga qo‘shimcha 330 million so‘mdan yo‘naltirilishi belgilandi. 2030 yilgacha sharoiti og‘ir barcha tumanlardagi mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasi olib kirilishi ta’kidlandi.

2026 yilda asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldiriladi, tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalariga 10 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratiladi. Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion so‘m resurs beriladi. Shundan 43 trillion so‘mi xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. 

Murojaatnomaning yana bir asosiy yangiligi–O‘zbekistonning ilk kosmonavti kosmosga uchirilishi haqida bo‘ldi. 

“Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sun’iy yo‘ldosh va birinchi o‘zbek fazogirini uchirish bo‘yicha ishlarni boshladik. Bu – Yangi O‘zbekistonning ilmiy, texnologik rivojlanishi, umuman milliy taraqqiyotimizni yangi bosqichga olib chiqishga katta turtki beradi, deb ishonch bilan ayta olaman. Buyuk bobomizning ruhini shod qilish uchun ham bu ishni qilishimiz kerak”, dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Mirziyoyev O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzi haqida ham gapirdi. Yetakchi xalqaro reyting agentliklari mamlakatning suveren reytingini “BB-”dan “BB” pog‘onasiga ko‘tardi. Jahon banki e’lon qilgan indeksda esa O‘zbekiston dunyoning TOP-10 ta mamlakati qatoridan joy oldi. Birgina ana shu o‘zgarish tufayli chetdan jalb qilinadigan resurslarning foiz stavkasi 1-1,5 punktga pasayib, tashqi qarz xarajati yiliga 250-300 million dollarga kamayadi”, dedi davlat rahbari.

“Hamma o‘ng qulog‘i bilan ham chap qulog‘i bilan yaxshilab eshitib olsin, rivojlanib borayotgandan davlatda OAV o‘rni beqiyos, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi” dedi prezident. 

Qariyb 2 soat davom etgan Murojaatnomada Shavkat Mirziyoyev an’anaga muvofiq yangi yilga ham nom berdi. 2026 yil – “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilindi.

Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasidagi ushbu videoreportajni tomosha qiling.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Prezident Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Korruptsiya Murojaatnoma

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing