PSJ Yevropaning eng buyuk jamoasi – Makron (video)

Sport

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ketma-ket ikkinchi bor Chempionlar ligasi g‘olibiga aylangan “Pari Sen-Jermen” (PSJ) futbolchilarini Yelisey saroyida qabul qilib, jamoani Yevropaning eng buyuk klubi deb atadi. Bu haqda “Euro football” xabar berdi.

“Siz bizni so‘nggi soniyagacha hayajonda ushlab turdingiz. O‘tgan yilgi finaldagi yirik g‘alabadan farqli ravishda, bu safar 120 daqiqadan ortiq vaqt davomida asabiylashdik. Qanday ajoyib jamoa!” degan Makron.

U, shuningdek, Fransiya jamoa sabab tarixiy natijaga erishganini ham alohida urg‘ulagan.

“PSJ tufayli Fransiya ikki yil ichida 70 yil davomida erisha olmagan natijaga erishdi va ikki marta Chempionlar ligasi g‘olibiga aylandi. Buning uchun sizlarga rahmat. Bu PSJ, Parij va butun Fransiya uchun ulkan faxrdir”, degan Makron.

Fransiya Prezidenti futbolchilarning matonatini ham alohida ta’kidlagan.

“Har biringiz oxirigacha kurashdingiz. Hech kim taslim bo‘lmadi. Sizlar birlik, xarakter va yetuklik namunasini ko‘rsatdingiz. Oxirgi soniyagacha taranglik saqlanib qoldi. Bu eng buyuk jamoaga xos belgi. Hech qanday shubha yo‘qki, PSJ bugungi kunda Yevropaning eng buyuk jamoasidir”, deya xulosa qilgan Makron.

Ma’lumot uchun, 30 may kuni bo‘lib o‘tgan finalda penaltilar seriyasida PSJ 4:3 hisobida “Arsenal”dan ustun kelib, Chempionlar ligasi kubogini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa parijliklar ketma-ket ikkinchi mavsum Yevropaning eng nufuzli klublar turnirida zafar quchdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Chempionlar ligasi finalida “Pari Sen-Jermen” (PSJ)ning g‘alabasidan so‘ng Fransiya poytaxti Parijda ommaviy tartibsizliklar yuz bergandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bir kishi halok bo‘lgan, yana bir kishi komaga tushgan, 219 kishi jarohatlangan va qariyb 800 kishi qo‘lga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

PSJ Emmanuel' Makron Chempionlar ligasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing