Putin Xitoyga bordi (video)
Olam
−
16 may
10749Rossiya Prezidenti Vladimir Putin qayta saylanib, lavozimga kirishganidan so‘ng ilk xorijiy tashrifi doirasida Xitoy Xalq Respublikasi poytaxti Pekinga bordi. Bu haqda Kreml xabar berdi.
E’lon qilingan kadrlarda Putinni faxriy qorovul kutib olganini ko‘rish mumkin. Aeroportdagi kutib olish marosimidan so‘ng Rossiya yetakchisining korteji Xitoy politsiyasi va mototsiklchilar otryadi hamrohligida Pekin aeroportidan jo‘nab ketdi. Putin o‘zining Aurus'ida edi. Xitoyda Putinga yangilangan Rossiya hukumatining ko‘plab rasmiylari va ishbilarmonlaridan iborat delegatsiya hamrohlik qilmoqda.
Vladimir Putinning navbatdagi vakolat muddati boshlanganidan Pekinga safarigacha 10 kun o‘tdi, XXR raisi Si Szinpinning qayta saylanishi va uning 2023 yilda Moskvaga tashrifi o‘rtasida ham aynan shunday vaqt o‘tgandi. O‘shanda Rossiyaga safar ham Xitoy rahbarining birinchi xalqaro sayohatiga aylangandi.
Xitoyga tashrif ikki bosqichda amalga oshiriladi: Rossiya Prezidenti Pekin va Xarbinga tashrif buyuradi. Bugun, 16 may kuni Rossiya yetakchisining Xitoy rahbari Si Szinpin bilan uchta uchrashuvi rejalashtirilgan.
“16 may kuni Pekinda Putin XXR raisi Si Szinpin bilan tor va keng doirada, shuningdek, choy ustida va 1+4 formatida muzokaralar o‘tkazadi. Xitoyda eng muhim narsa, ayniqsa, birgalikda choy ichishdir”, deydi Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov.
Putin XXR raisi Si Szinpinga oktyabr oyida Qozonda bo‘lib o‘tadigan BRICS sammitida ishtirok etish taklifini yuborishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, ikki davlat rahbarlari Ukraina, Yaqin Sharqdagi vaziyat, Shanxay hamkorlik tashkilotidagi o‘zaro hamkorlik, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi va Xitoyning “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi integratsiya jarayonlarini bog‘lash masalasini ham muhokama qiladi.
Ertaga, 17 may kuni Vladimir Putin Xarbindagi mahalliy politexnika universiteti talabalari bilan uchrashadi. Xitoylik yoshlar Rossiya rahbariga savollar berishi mumkin bo‘ladi. Universitet Rossiya tomonidan 100 yil avval rus-xitoy kadrlar tayyorlash maktabi sifatida tashkil etilgan.
Ma’lumot uchun, birinchi uch prezidentlik muddati boshida Putin ilk xorijiy safar sifatida qo‘shni davlatlarga – 2000 yilda Belarusga, 2004 yilda Ukrainaga va 2012 yilda yana Belarusga borgan. 2018 yilda Putinning to‘rtinchi prezidentlik muddati boshida birinchi davlat tashrifi Avstriyaga bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 5-10 may kunlari Xitoy rahbari Si Szinpin Yevropa davlatlariga safar qilgan, Fransiya, Serbiya va Vengriyada bo‘lgandi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Parijda Si Szinpinni Ukrainadagi mojaro munosabati bilan Rossiyaga ta’sir o‘tkazishga majburlashga urinib ko‘rdi.
LiveBarchasi