“Putin ruxsat bersa...”. Qodirovning o‘g‘li Zelenskiyni o‘zi tutmoqchi
Olam
−
10 yanvar 7164 2 daqiqa
Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning uchinchi o‘g‘li Adam Qodirov, agar otasi yoki Rossiya Prezidenti Vladimir Putin buyruq bersa, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni sud qilish uchun Grozniyga olib kelishga va’da berdi. Bu haqda “Kavkazskiy uzel” nashri xabar berdi.
Ma’lumki, Vladimir Zelenskiy AQSHni Rossiyaga bosimni kuchaytirishga, jumladan Checheniston rahbari Ramzan Qodirovni ham xuddi Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro kabi kabi hibsga olishga chaqirgan. Bunga javoban Ramzan Qodirov ham Zelenskiy o‘z maqsadiga boshqalar orqali erishmoqchi bo‘layotganini tanqid qilgan.
Checheniston OAV kecha, 9 yanvar Adam Qodirovning Zelenskiy taklifiga javoban bildirgan bayonotini keng yoritdi. Kichik Qodirov Zelenskiyning otasi haqidagi so‘zlarini haqorat deb atab, bu holat “javobsiz qolmasligini” aytgan. “Biz bunday narsalarni unutmaymiz va kechirmaymiz”, deb iqtibos keltiradi “Vesti Chechenskoy Respubliki” nashri Adam Qodirovning so‘zlaridan..
“Agar Oliy Bosh qo‘mondon Vladimir Vladimirovich Putin yoki otam buyruq bersa, biz seni qayerda bo‘lsang ham topamiz – bu faqat vaqt masalasi. Hech qanday operatsiyani e’lon qilmaymiz. Shunchaki kelamiz, olib ketamiz va seni Grozniyga olib boramiz. Prezident sifatida emas, balki harbiy jinoyatchi sifatida”, degan Adam Qodirov Zelenskiyga murojaat qilib.
Ukraina Prezidentiga qilgan murojaatida Checheniston Xavfsizlik kengashi kotibi haqoratli va kamsituvchi iboralarni bir necha bor ishlatgan.
“Sen yig‘laysan, uvillaysan, etiklarni o‘pasan va kechirim so‘raysan. Sen boshlagan tomoshaning yakunini biz yozamiz. Va bu aslo komediya bo‘lmaydi”, deb tahdid qilgan Adam Qodirov.
Ma’lumot o‘rnida, 17 yoshli Adam Qodirov quyidagi lavozimlarni egallagan: Rossiya Maxsus Kuchlar Universiteti kuratori, Checheniston rahbarining yordamchisi, Checheniston Ichki ishlar vazirligi kuratori, Checheniston Xavfsizlik kengashi kotibi va Falastinga yordam masalalari bo‘yicha kurator. 2025 yil 19 sentyabrda otasi unga shuningdek, mahalliy darajadagi tashkilotlar tomonidan mol-mulk solig‘ining to‘lanishini nazorat qilish vazifasini topshirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ramzan Qodirovning to‘ng‘ich o‘g‘li Ahmad Qodirov Checheniston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarining vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlangandi.
Live
Barchasi