Endi Rossiyada Sovet xalqi genotsidi qurbonlari xotirlanadi
Olam
−
29 dekabr 2025 4616 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Sovet xalqi genotsidi qurbonlarini xotirlash kunini belgilash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda RIA Hovosti xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur Qonunga muvofiq, 19 aprel Sovet xalqi genotsidi qurbonlarini xotirlash kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sana Ikkinchi jahon urushi yillarida bosib olingan hududlarda natsistlar va ularning hamkorlari tomonidan sovet fuqarolariga qarshi sodir etilgan jinoyatlar haqidagi tarixiy haqiqatni saqlab qolishni maqsad qiladi.
Aynan 1943 yil 19 aprel kuni SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 39-sonli farmoni qabul qilingan. Unda sovet fuqarolarini o‘ldirish va qiynoqqa solishda aybdor bo‘lgan nemis-fashist jinoyatchilari, shuningdek, asirga olingan Qizil Armiya askarlari, josuslar, sovet fuqarolari orasidan chiqqan vatan xoinlari va ularning sheriklarini jazolash choralari belgilab qo‘yilgan.
Ma’lum qilinishicha, mazkur qonun Davlat Dumasi tomonidan 2025 yil 16 dekabr kuni birinchi o‘qishda qabul qilingan. Hujjat 2026 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.
Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodinning so‘zlariga ko‘ra, “butun dunyoni natsistlar qo‘lidan qutqargan fidoiylarning qahramonlik xotirasini asrab-avaylash burch hisoblanadi”.
Volodin boshqa mamlakatlarning “natsistlar tomonidan sodir etilgan vahshiyliklar va sovet xalqining qahramonligi haqidagi haqiqatni unutishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim”ligini ta’kidladi. U Ikkinchi jahon urushi davrida hech bir mamlakat sovet xalqi kabi ulkan qurbonliklarga duch kelmaganini eslatib o‘tdi.
Shuningdek, Rossiyada 2025 yilda ushbu sanaga bag‘ishlangan “Muddatsiz” nomli keng ko‘lamli ma’rifiy loyiha ham boshlangan. Loyiha doirasida arxiv hujjatlarini maxfiylikdan chiqarish, qidiruv-dala ishlarini olib borish, ta’limiy tadbirlar hamda ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya yangi kupyurani muomalaga kiritgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi