Putin va Rahmon tojikistonlik migrantlar bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qildi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.

Yetakchilar Tojikistondan borgan muhojirlar bilan bog‘liq vaziyatni va Imomali Rahmonning Moskvadagi G‘alaba paradida ishtirok etishini muhokama qilgan.

Kremlga ko‘ra, suhbat “ishbilarmonlik va konstruktiv ruhda” o‘tgan. Terrorchilik tahdidiga qarshi kurash, shuningdek, migratsiya sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilingan. Prezidentlar o‘rtasidagi suhbatda muhojirlar bilan bog‘liq vaziyat tufayli ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar buzilmasligiga ishonch bildirilgan.

“So‘nggi paytlarda ma’lum kuchlarning Rossiyaga, shu jumladan Tojikistondan kelayotgan mehnat muhojirlari atrofidagi vaziyatni sun’iy ravishda kuchaytirishga qaratilgan urinishlari birgalikda bostiriladi va bu ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi vaqt sinovidan o‘tgan birodarlik munosabatlariga putur yetkaza olmaydi”, deyiladi Kreml xabarida.

Tojikistonning “Xovar” agentligining yozishicha, davlat rahbarlari huquq-tartibot idoralari va maxsus xizmatlarning terrorizm, ekstremizm va transmilliy uyushgan jinoyatchilikning ko‘rinishlariga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yaqindan muvofiqlashtirish, ularning o‘zaro hamkorligini yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidlagan.

“Prezidentlar xalqaro va mintaqaviy kun tartibining ayrim jihatlari yuzasidan ham fikr almashdilar. Tomonlar bo‘lajak uchrashuvlar jadvalini kelishib oldi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 26 aprel kuni Tojikiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sodiq Imomiy Rossiyaning respublikadagi elchisi Semyon Grigorev bilan so‘nggi bir necha hafta ichida Tojikiston fuqarolari Rossiya Federatsiyasi davlat chegarasini kesib o‘tishda duch kelgan qiyinchiliklarni muhokama qilgandi. Tojikiston tomoni fuqarolarining Rossiyaga kirishini asossiz rad etish holatlari keng tarqalib ketganidan xavotir bildirdi. 27 aprel kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi respublika fuqarolariga vaqtincha Rossiya Federatsiyasiga bormaslikni tavsiya qildi. 28 aprel kuni rasmiy Dushanbe Rossiya hukumati mingga yaqin Tojikiston fuqarosini Moskva aeroportlarida ushlab turganini bildirdi. 29 aprel kuni Rossiya Federatsiyasining Tojikistondagi elchisi Semyon Grigorevga “Rossiya Federatsiyasi hududida Tojikiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan keskin salbiy munosabatning ommaviy tarzda namoyon bo‘lishi, shuningdek, ularning huquq va erkinliklari keng miqyosda buzilishi holatlari yuzasidan jiddiy xavotir bildirgan holda” Tojikiston Tashqi ishlar vazirligining notasi topshirildi. 30 aprel kuni Rossiya tomonining tashabbusi bilan Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. "Interfaks" esa to‘rt kun ichida Moskvaning "Vnukovo" xalqaro aeroportidan 643 nafar Tojikiston fuqarosi deportatsiya qilinganini xabar berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Tojikiston Vladimir Putin Imomali Rahmon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made