Putin ishdan olgan vazir o‘zini o‘ldirdi
Tahlil
−
08 iyul 7764 4 daqiqa
Odatda Rossiyada o‘z joniga qasd qilish, ko‘p qavatli bino derazasidan tushib ketish va boshqa sirli o‘lim holatlari mamlakatning eng yirik kompaniyalaridagi rahbarlar bilan kuzatilardi. Ortda qolgan yillar davomida Lukoil va Gazprom boshqaruvidagi yirik figuralar bilan shunday holatlar tez-tez sodir bo‘lishi odatiy tusga kirgan. Bunday o‘lim ssenariylari Rossiyada siyosatchilar bilan ham kuzatiladi. Bundan bir necha kun oldin, aniqrog‘i 6 iyulgacha Rossiya transport vaziri lavozimida ishlab turgan Roman Starovoyt misolida shu kabi o‘lim holati ro‘y berdi. Putin uni ishdan olishi bilan, oradan 24 soat o‘tmay, u o‘z joniga qasd qildi.
O‘lim bilan jazodan qutulmoqchi edimi?
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Roman Starovoytni Rossiya Federatsiyasi Transport vaziri lavozimidan ozod qilgandi. Tegishli farmon 7 iyul kuni normativ-huquqiy hujjatlar portaliga joylashtirildi va imzolangan paytdan e’tiboran kuchga kirdi. Ammo hech bir rasmiy doirada Starovoytni ishdan bo‘shatish sabablari ochiqlanmadi. Kreml ma’lumotlariga ko‘ra, Putin Novgorod viloyati sobiq gubernatori Andrey Nikitinga Rossiya Transport vazirligi rahbari vazifasini bajarishni topshirgani ma’lum bo‘ldi.
Bu orada esa Roman Starovoyt o‘z joniga qasd qilgani xabar qilindi. Rossiyaning sobiq transport vaziri Roman Starovoytning jasadi Myakinino qishlog‘idagi uyidan topildi. “Baza” telegram kanali tarqatgan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Starovoytning o‘z joniga qasd qilishi ehtimoliy jinoiy ish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Manbalarga ko‘ra, Kursk viloyatining sobiq rahbari Aleksey Smirnov ma’lum ishlar yuzasidan Roman Starovoytga qarshi ko‘rsatma bergan. Ya’ni Staravoyt ishdan olinishi zahoti unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi mumkin bo‘lgan. Bunga sabab esa postsovet hudidagi aksar davlatlarda juda ko‘p urchigan mahalliy hokimiyat va pudratchilar o‘rtasidagi kelishuvlardir. Gap oldi-qochdi tenderlar haqida ketmoqda. “Mash” kanali ma’lumotlariga ko‘ra, Starovoyt katta hajmdagi firibgarlikda gumon qilingan. Sobiq transport vaziriga savollar uning bosh pudratchisi Kursk viloyatini rivojlantirish korporatsiyasi bo‘lgan Kursk viloyati tezkor shtabining qarorini imzolagani sababli paydo bo‘lgan. Unga byudjetdan 19 milliard sarflash va subpudratchilarni o‘zi tanlashga ruxsat berilgan.
Bundan tashqari, tergov mintaqadagi kasalxonalar uchun dori-darmonlarni sotib olish va muvaffaqiyatsiz transport islohoti bilan bog‘liq masalalarni o‘rganib chiqqan. Kurskda Starovoyt davrida tramvay yo‘llarini rekonstruksiya qilish va yangi vagonlarni yetkazib berish uchun shartnoma imzolangan, biroq, loyiha yakunlanmagani aytilmoqda. Yo‘llarning faqat bir qismi yangilangan va byudjetdan ajratilgan pul allaqachon sarflangan. Aleksey Smirnovdan tashqari Kursk viloyatini rivojlantirish korporatsiyasi bosh direktori Vladimir Lukin va deputat Maksim Vasilev ham Starovoytga qarshi guvohlik bergan. Hozirda ularning barchasi tergov hibsxonasida saqlanayotgani aytilmoqda.
Butazordagi jasad
Staravoytning jonsiz tanasi 7 iyulda Moskva yaqinidagi Odintsovodan topildi. Uning jasadi avtoturargohdagi mashinasidan bir necha metr naridagi butazorda bo‘lgan. Starovoytning soqchilari, uni qayerdan va qachon olib ketish kerakligi haqida oxirgi xabarni olgan va jasadni birinchi bo‘lib topgani aytilmoqda. Jasad aynan unga tegishli ekanini aniqlash uchun vazirning yordamchisi, sayohatlarida doimo unga hamroh bo‘ladigan va mish-mishlarga ko‘ra mashuqasi deb aytiladigan 25 yoshli Qozon tibbiyot universiteti bitiruvchisi Polina ismli qiz ham chaqirilgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari amaldorning jasadini mashinaga olib chiqishgan, shundan so‘ng u o‘likxonaga olib ketilgan.
Ma’lumot uchun Starovoyt rafiqasi bilan 2021 yilda ajrashgan, ularning ikki farzandi bor. So‘nggi yillarda u tibbiyot universiteti bitiruvchisi Polina bilan yashab kelgan. U Kursk oblasti gubernatorligidan bo‘shaganida ushbu ayolni o‘zi bilan Moskvaga olib ketgandi. Polina esa so‘nggi yillarda Roman Starovoyt hayotining ajralmas qismiga aylangani aytiladi. Starovoyt Kursk viloyatida gubernatorlik qilgan davridayoq Polina uning yordamchisi bo‘lib ishlay boshlagan. Qiz unga ish safarlarida hamrohlik qilgan, uchrashuvlarni tashkil qilishda yordam bergan va ishbilarmonlik yozishmalarini olib borgan. Manbalarga ko‘ra, ularning munosabatlari tez orada professional hamkorlikdan ishqiy munosabatlarga burilgan. Kursk aholisi esa bir necha yil oldin Polina va Starovoyt o‘rtasidagi ishqiy munosabatlarni muhokama qilishgan. Ba’zilar hatto uni mintaqaning “birinchi xonimi” deb atashgan.
Ayni damda Starovoytning sirli o‘limi ortida nimalar turgani, asta-sekin oydinlashmoqda. Rossiyaga aloqador manbalar o‘z versiyalarini taqdim qilishda davom etyapti. Biz ham vaziyatni diqqat bilan kuzatib, rasmiy ma’lumotlar hamda ehtimoliy ssenariylarni ulashishda davom etamiz.
Live
Barchasi