Ramzan Qodirovning 9 yoshli arzandasi 10 mln dollarlik saroyga egalik qiladi – OAV

Olam

image

Ramzan Qodirovning 9 yoshli o‘g‘li 10 million dollarlik saroy egasi ekani oshkor bo‘ldi. Bu haqda “The Insider” nashri xabar berdi.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning ikki nafar o‘g‘li – 19 yoshli Ali (Zelimxon) va 9 yoshli Abdulloh Grozniy markazida joylashgan ikkita alohida saroyning egasi ekani ma’lum bo‘lgan. 

Rossiya ko‘chmas mulk ma’lumotlariga ko‘ra, umumiy qiymati 1,3 milliard rubl (taxminan 16,7 million dollar) bo‘lgan ushbu binolar Qodirovning shaxsiy qarorgohidan qariyb 300 metr masofada joylashgan. 

Ali Qodirov 2024 yil fevral oyida Adam Qosimov ismli shaxsdan 4 500 kvadrat metr yer maydoni va 1 300 kvadrat metrli uyni rasmiylashtirgan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, Qosimov ehtimol vositachi shaxs bo‘lishi mumkin, chunki u bunday qimmat mulkka egalik qilishiga oid hech qanday dalil yo‘q.

Abdulloh Qodirov esa 7 yoshida 4 000 kvadrat metr yer va 2 000 kvadrat metrli uy egasiga aylangan. Reyestrga ko‘ra, ushbu mulk unga otasi tomonidan o‘tkazib berilgan: avval Ramzan Qodirov yer maydonini ijaraga olgan, keyin uni o‘g‘liga qayta rasmiylashtirgan, Abdulloh esa 2023 yilda mulkni xususiylashtirgan. Abdullohga tegishli saroyning taxminiy qiymati 800 million rublni, ya’ni qariyb 10 million dollarni tashkil etadi. 

Xuddi shu hududda, Qodirov qarorgohi ro‘parasida, uning yana bir o‘g‘li – 18 yoshli Adamga tegishli saroy joylashgan. 2025 yil sentyabrida OAV Adam Qodirov to‘rt qavatli, maydoni 2 000 kvadrat metr bo‘lgan va taxminan 750 million rubl (9,67 million dollar) baholanadigan uy egasiga aylanganini xabar qilgan edi. Shuningdek, Ramzan va Adam Qodirovlarning saroylari orasida joylashgan avvalgi uy buzib tashlangani ham aytilgan. 

Ali Qodirov “Ahmad” jangovar klubiga rahbarlik qilishi bilan tanilgan. 2024 yil avgust oyida Ramzan Qodirov uni “Checheniston Respublikasiga xizmatlari uchun” medali bilan mukofotlab, sport rivojiga qo‘shgan “ulkan hissasi”ni ta’kidlagan. Biroq Ali Qodirov atigi bitta jang o‘tkazgan, u boshqarayotgan klub esa amalda faoliyat yuritmagan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ayrim Checheniston Telegram-kanallarida respublika rahbari Ramzan Qodirovning o‘g‘li Adam Qodirov Grozniyda yo‘l-transport hodisasiga uchragani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, Adam Qodirov jarohat olib, shifoxonaga yetkazilgan. Xabarlarda, shuningdek, jabrlanuvchini Moskvaga olib ketishgani aytilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ramzan Qodirov Abdulloh Qodirov Zelimxon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing