Rossiya dronlari NATO hududiga kirishi ortidan alyans operatsiya boshladi

Olam

image

Rossiya droni bu hafta Polsha havo hududiga kirib kelganidan keyin Yevropa sharqiy qanotini himoya qilishni kuchaytirish tashabbusi bilan NATO yangi operatsiyani yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda kecha, 12 sentyabr kuni NATO Bosh kotibi Mark Ryutte ma’lum qildi.

“Sharqiy qo‘riqchi” (“Eastern Sentry”) operatsiyasi yaqin kunlarda boshlanadi va unda Daniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va boshqa davlatlar ishtirok etadi.

“Sharqiy qo‘riqchi” pozitsiyamizni yanada kuchli va moslashuvchan qiladi hamda mudofaa ittifoqi sifatida biz har doim himoyaga tayyor ekanimizni ochiq ko‘rsatadi”, dedi Ryutte.

Ryuttega ko‘ra, 10 sentyabr kuni Rossiya dronlarining “xavfli va qabul qilib bo‘lmaydigan” havo hujumi “yagona holat” emas.

“Rossiyaning sharqiy qanotimizdagi beparvoligi tobora ortib bormoqda”, dedi u.

NATOning Yevropadagi Oliy qo‘mondoni, AQSH generali Aleksus Grinkevichning ta’kidlashicha, operatsiya “moslashuvchan va tezkor” bo‘ladi, unda kuchaytirilgan imkoniyatlar, havo va yerdagi mudofaa tizimlarining uyg‘unlashtirilishi hamda ittifoqdoshlar orasida ma’lumot almashinuvining oshishi ko‘zda tutilgan. Grinkevich operatsiyaning to‘liq amalga oshishi uchun vaqt kerakligini, ammo dastlabki qadamlar “darhol” boshlanishini qayd etdi.

Alyans xabariga ko‘ra, operatsiya uchun ajratilgan jihozlar qatorida Daniyadan ikkita F-16 harbiy samolyoti va birta mudofaa fregati, Fransiyadan uchta "Rafale", Germaniyadan to‘rtta "Eurofighter" bor.

“Hozirgi e’tiborimiz Polshaga qaratilgan bo‘lsa-da, vaziyat bir davlat chegarasidan tashqariga chiqadi. Bir ittifoqdoshga ta’sir qilgan har qanday holat barchamizga ta’sir qiladi”, dedi Grinkevich.

Uning aytishicha, bu tashabbus NATO bu yil boshida Boltiq dengizi kabellariga qilingan diversiyaga javoban ishga tushirgan “Baltic Sentry” operatsiyasi asosida ishlab chiqilgan.

“Polsha va butun alyans fuqarolari bu haftadagi tezkor javobimiz va bugungi muhim bayonotimiz bilan xotirjam bo‘lishi mumkin. NATO o‘z hududining har bir qarichini himoya qilishda davom etadi”, dedi u.

Grinkevichning so‘zlariga ko‘ra, operatsiya NATO davlatlarining butun sharqiy qanotini – “uzoq shimoldan to Qora dengiz va O‘rtayer dengizgacha” qamrab oladi. 

“Sharqiy qanot bo‘ylab biz pozitsiyamizni doimiy ravishda o‘zgartirib, dushmanni ehtiyotsizlikka solamiz va aniq tahdidlarga javob qaytaramiz”, dedi u.

Dron hujumi “xato” emas

Polsha Bosh vaziri Donald Tusk kecha, 12 sentyabr kuni Rossiya dronlarining mamlakatga kirishini “hujum” deb atadi va bu xato emasligini aytdi. Ushbu bayonot AQSH Prezidenti Donald Tramp havo hududi buzilishi “tasodifiy bo‘lishi mumkin” deganidan bir necha soat o‘tib yangradi.

“Biz ham Polshaga qilingan dron hujumi xato bo‘lishini istardik. Ammo u xato emas edi. Va biz bundan xabardormiz”, deb yozdi Tusk ijtimoiy tarmoqda.

Polsha Prezidentining xalqaro siyosat bo‘yicha idorasi rahbari Marsin Pshidichning mahalliy ommaviy axborot vositalariga aytishicha, mamlakatda 10 sentyabr kuni Rossiya tomonidan Polshaga kamida 21 ta dron yo‘llangani haqida ma’lumot bor, ammo hammasi topilmagan. Uning ta’kidlashicha, ba’zi dronlar havo hududini kesib o‘tib qayta kirgan bo‘lishi mumkin.

Ilgari polyak rasmiylari mamlakat havo hududiga 19 marta kirish holati qayd etilganini, ularning katta qismi Belarusdan uchirilganini aytgan. 10 sentyabr kuni ichki ishlar vaziri 16 ta dron mamlakat hududida topilganini ma’lum qildi. 
Bundan bir kun oldin Tramp Oq uyda jurnalistlarga bu “xato bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo har holda bu vaziyatdan men xursand emasman, umid qilamanki, yaqin orada tugaydi”, degan edi.

Kecha, 12 sentyabr kuni BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi oldidan AQSH bir qator davlatlar bilan birga Rossiya harakatlaridan “jiddiy tashvish” bildirgan bayonotga qo‘shildi.

“Bunday provokatsiya xalqaro hamjamiyatning urushni tugatish va xalqaro huquqqa muvofiq tinchlik va barqarorlikni tiklash yo‘lidagi hamjihat va tinmay qilayotgan sa’y-harakatlariga qattiq hurmatsizlikdir”, dedi Polsha Davlat kotibi Marsin Bosatskiy 12 sentyabr kuni Nyu-Yorkda.

AQSHning BMTdagi elchisi Doroti Shi ham Rossiyaning Ukrainaga zarbalari va Polsha havo hududi buzilishini “insonparvar sa’y-harakatlarga ulkan hurmatsizlik” deb atadi.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzya esa Polsha “shoshilinch ravishda” Rossiyani ayblaganini, ammo dalil taqdim etmaganini bildirdi. 

“Bu zarbada qo‘llanilgan dronlarning maksimal uzoqligi 700 kmdan oshmaydi, demak, ularning Polshaga yetib borishi jismonan mumkin emas”, dedi Nebenzya.

Shu kuni Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro Rossiyaning Fransiyadagi elchisi Aleksey Meshkovni chaqirdi. 

“Uchrashuvda Meshkov Rossiyaning Polsha havo hududini atayin buzgani haqidagi “asossiz ayblovlarni qat’iyan rad etganini” aytib o‘tdi”, deb xabar qildi Rossiyaning TASS agentligi.

Ryuttening ta’kidlashicha, NATO 10 sentyabr kuni sodir bo‘lgan voqeani baholashda davom etmoqda.

“Rossiya harakatlari atayin qilingan yoki yo‘q, baribir Rossiya NATO havo hududini buzdi. Shu bois NATO sifatida biz o‘z hududimizni himoya qilishga tayyor ekanimizni ochiq ko‘rsatishimiz shart. “Sharqiy qo‘riqchi” aynan shu uchun mo‘ljallangan”, dedi u.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rossiya Pol'sha Eastern Sentry

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing