Rossiya tomonidan urushga borgan andijonlik erkakka sud hukmi o‘qildi

3-sahifa

image

Rossiya tomonidan Ukrainadagi urushda qatnashgan andijonlik erkakka 2 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Hujjatda keltirilishicha, erkak 2022 yilning dekabr oyida ishlash maqsadida Rossiya Federatsiyasining Moskva shahriga borgan. U Moskva va Chelyabinsk shaharlarida yetkazib berish xizmatida ishlagan. 2023 yilning 15 avgustida Chelyabinsk shahar sudi unga giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan shug‘ullangani uchun Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 4-qismi bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan. Shundan so‘ng, unga Rossiya tomonidan Ukrainadagi urushda qatnashish taklifi berilgan. Erkak 2024 yilining avgust oyida Rossiya Qurolli kuchlariga yollangan va shartnoma tuzib, harbiy guvohnomani olgan hamda oddiy askar harbiy unvonini bilan harbiy xizmatga kirgan. 2024 yilning avgust-sentyabr oylarida Rossiya Federatsiyasining qurolli kuchlari nomidan Ukraina Respublikasining Donetsk shahrini egallash uchun olib borilgan qurolli to‘qnashuv va harbiy harakatlarda o‘ziga biriktirilgan AK-74 o‘qotar qurol bilan ishtirok etgan. Biroq snaryad portlashi oqibatida chap qo‘li va chap oyog‘idan jarohat olgan. Shu sababli Rossiya Federatsiyasiga qarashli harbiy shifoxonalarda davolanib, 2025 yilning sentyabr oyida O‘zbekistonga qaytgan.

Mazkur ish 2025 yilning 12 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Jalaquduq tuman sudida ko‘rib chiqilgan. U Sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Uning aytishicha, erkak 2024 yilning avgust oyida Rossiya tomonidan urishga borish uchun majburlangan. Shundan so‘ng, Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzgan va Lugansk shahrida 14 kunlik harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. Tayyorgarlikdan so‘ng Donetsk shahridagi harbiy qarorgohga 3 dona yo‘lovchi tashuvchi avtomashinada ketayotganida, Ukraina askarlari tomonidan o‘qqa tutilgan. Oqibatda 66 nafar harbiydan 12 nafari tirik qolgan. Otishmada snaryad oskolkalari tanasining turli joylariga kelib tekkani uchun og‘ir tan jarohati olgan va shundan so‘ng u harbiy gospitalga yuborilgan. U 2025 yilning sentyabr oyiga qadar davolangan va urushga borgani uchun berilgan pullarni sog‘lig‘ini tiklash uchun sarflagan. Oradan ko‘p o‘tmay, O‘zbekistonga qaytish guvohnomasini olib, 17 sentyabr kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Sud tomonidan erkak Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Biroq Jinoyat kodeksining 72-moddasiga (shartli hukm qilish) asosan mazkur jazo shartliga almashtirilib, unga 2 yillik sinov muddati – ozodlikni cheklash (uy qamog‘i) jazosi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan urushida qatnashgan 50 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Namangan viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudining joriy yil 15 oktyabrdagi hukmi bilan 3 yil 1 oy muddatga qamalgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina urush yollanish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing