Rossiya O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmini oshirmoqchi

Jamiyat

image

Rossiya O‘zbekistonga gaz , jumladan, suyultirilgan tabiiy gaz ko‘rinishida ham, yetkazib berish hajmini oshirish katta istiqbollarga ega ekanini ko‘rmoqda. Bu haqda Rossiya Energetika haftaligi doirasida Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak bilan O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng 16 oktyabr kuni Rossiya hukumati matbuot xizmati xabar berdi. 

“Gazprom” O‘zbekistonga yiliga 7,7 mlrd kub metr tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomani amalga oshirishda davom etmoqda. Shu bilan birga, gaz yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha, jumladan, suyultirilgan tabiiy gaz orqali ham, katta imkoniyatlar mavjud”, deyiladi xabarda.

Bundan avval “Gazprom” rahbari Aleksey Millerning ma’lum qilishicha, 2025 yil yanvar-avgust oylarida Rossiyaning Markaziy Osiyo (O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston)ga gaz yetkazib berishi 15 foizga oshgan. 2024 yil yakuni bo‘yicha esa “Gazprom” O‘zbekistonga gaz eksportni 4,4 baravar oshirib, 5,64 mlrd kub metrga yetkazgan.

2023 yil iyun oyida O‘zbekiston “Gazprom” bilan ikki yillik gaz xaridi shartnomasini imzolagan, unga ko‘ra kunlik yetkazib berish hajmi 9 mln kub metrni, yillik esa qariyb 2,8 mlrd kub metrni tashkil etadi. Ushbu shartnoma bo‘yicha yetkazib berish 2023 yil 7 oktyabrda boshlangan. Shu bilan birga, “Gazprom” 2025 yil 1 noyabrga qadar “Markaziy Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali Markaziy Osiyo mamlakatlariga ancha katta hajmlarda gaz yetkazib berishni rejalashtirgan edi.

2024 yil iyun oyida “Gazprom” Qirg‘izistonga gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni, shuningdek, Qozog‘iston bilan 2025–2040 yillar davomida Rossiya gazini O‘zbekiston va Qirg‘izistonga tranzit qilish to‘g‘risidagi kelishuvlarni imzolagan. 2024 yil fevralda esa O‘zbekiston hukumati respublika magistral gaz tizimini modernizatsiya qilish orqali Rossiyadan gaz import hajmini 3,5 baravarga – kunlik 9 mln kub metrdan 32 mln kub metrgacha oshirish niyati borligini ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov O‘zbekistonga tashrifi va respublika rahbariyati bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida bir qancha yangi infratuzilma loyihalari Rossiyadan O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni ikki barobarga oshirishi haqida ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

gaz Rossiya O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing