Rossiya va Xitoy Yapon dengizida harbiy mashg‘ulot o‘tkazadi

Olam

image

Rossiya va Xitoy qurolli kuchlari joriy yilning 1-5 avgust kunlari Yapon dengizida “Dengiz hamkorligi – 2025” nomli qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Bu haqda Rossiyaning Tinch okeani floti (TOF) matbuot xizmati xabar berdi.

TOF bayonotiga ko‘ra, mashg‘ulotlar harbiy dengizchilarning tajriba almashishiga qaratilgan bo‘lib, “boshqa davlatlarga qarshi yo‘naltirilmagan”.

“Vladivostokda qo‘mondonlik shtabi tashkil etiladi, u yerda tomonlar dengizda qo‘shma harakatlarni rejalashtiradi va xaritalar ustida amaliyotlarni ishlab chiqadi”, deyiladi TOF bayonotida.

Dengizda esa ikki davlat kemalari qidiruv-qutqaruv harakatlarini muvofiqlashtirish, suvosti kemalariga qarshi kurash va havo hujumidan mudofaa vazifalarini bajaradi, shuningdek, artilleriya otishmalarini amalga oshiradi.

Mashg‘ulotlar doirasida quruqlik va dengizda mudofaa manyovrlari ham sinovdan o‘tkaziladi. Rossiya kemalar guruhiga katta suvosti kemalariga qarshi “Admiral Tributs” kemasi, Xitoy tomoniga esa “Shaosin” esminetsi rahbarlik qiladi. Shuningdek, ikkala davlatning dizel-elektr suvosti kemalari va dengiz aviatsiyasi ham ishtirok etadi.

Qayd etilishicha, bu mashg‘ulotlar “mudofaviy xarakterga ega va boshqa davlatlarga qarshi yo‘naltirilmagan”. Xitoy Mudofaa vazirligi vakili Chjan Syaoganning aytishicha, mashg‘ulotlar “mavjud xalqaro yoki mintaqaviy vaziyat bilan bog‘liq emas”, balki Rossiya va Xitoy qurolli kuchlari o‘rtasidagi yillik tajriba almashish rejasiga muvofiq o‘tkazilmoqda.

Mashg‘ulotlar Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlar rahbarlari sammitiga tayyorgarlik fonida o‘tkazilmoqda. Ushbu sammit joriy yilning 31 avgustidan 1 sentyabrigacha Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tadi. Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakovning ma’lum qilishicha, Vladimir Putin ushbu uchrashuvda ishtirok etadi va 31 avgust kuni boshlanadigan to‘rt kunlik tashrif doirasida Xitoyga boradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyalik harbiy xizmatchilar “Hamkorlik-2025” o‘quv mashg‘ulotida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya harbiy mashg'ulot Xitoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing