Rossiya va Ukraina halok bo‘lganlarning jasadlarini almashdi
Olam
−
18:48 1049 1 daqiqa
Bugun, 29 yanvar kuni Rossiya va Ukraina o‘rtasida halok bo‘lganlarning jasadlarini almashishning navbatdagi jarayoni boshlandi. Bu haqda Rossiya Davlat dumasi deputati, harbiy operatsiya masalalari bo‘yicha parlament muvofiqlashtiruvchi guruhi vakili Shamsail Saraliyev RBKga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga ming nafar halok bo‘lgan harbiyning jasadini topshirgan, evaziga esa 38 nafar halok bo‘lgan rossiyalik harbiyning jasadini qaytarib olgan.
Prezident yordamchisi va Rossiya muzokaralar guruhi rahbari Vladimir Medinskiy bu ma’lumotni tasdiqlagan.
“Istanbul kelishuvlari doirasida Ukrainaga 1000 nafar halok bo‘lgan ukrainalik harbiylarning jasadi topshirildi. Rossiyaga esa 38 nafar halok bo‘lgan rossiyalik jangchilarning jasadi qaytarildi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, tomonlar o‘rtasidagi avvalgi almashuv 2025 yil 20 noyabrda bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda Rossiya Ukrainaga mingta jasad topshirgan, Ukraina esa 30 jasadni qaytargan. Jasadlar almashinuvi, shuningdek asirlar va og‘ir yaradorlarni almashish bo‘yicha kelishuvlarga yoz boshida bo‘lib o‘tgan Istanbul muzokaralari chog‘ida erishilgan.