Rossiyada Google xizmatlari bloklanishi mumkin
Olam
−
11 dekabr 1120 2 daqiqa
Rossiyada Google’ning barcha xizmatlari cheklov ostiga tushishi mumkin. Bu haqda Rossiya Davlat dumasining Axborot siyosati qo‘mitasi a’zosi Andrey Svinsov ma’lum qildi.
Svinsovning aytishicha, bunga shaxsiy ma’lumotlarni saqlash haqidagi qonun sabab bo‘lishi mumkin.
“Menimcha, Google’ning ko‘plab servislari, ehtimol hatto barchasi cheklovlarga duch kelishi mumkin. Sababi – Google hanuzgacha barcha shaxsiy ma’lumotlarni Rossiya Federatsiyasi hududidan tashqarida, Yevropa yoki ehtimol AQSHda saqlaydi. Bu bizning mamlakatimiz uchun jiddiy xavf, chunki Rossiyada juda ko‘p biznes Google servislaridan foydalanadi, biznes esa o‘z moliyaviy holati, ishlab chiqarayotgan mahsulotlari, texnologiyalari, uskunalari, servis kompaniyalari va moliyaviy operatsiyalari haqida deyarli barcha ma’lumotlarni ushbu bulutli tizimlarda saqlaydi. Google servislarining o‘zi esa Rossiya Federatsiyasining iqtisodiy holatini monitoring qilish uchun ajoyib vosita. Shu orqali muntazam ravishda joriy qilinayotgan sanktsiyalar paketlarini yanada aniqroq ishlab chiqish imkoniyati ham paydo bo‘ladi”, deydi u.
Svinsovning fikricha, Rossiyada “Amerikaning hamma narsasini asta-sekin siqib chiqarish” tendensiyasi shakllangan.
“Agar biz iqtisodiyotimizni, davlatchiligimizni saqlab qolishni istasak, bugungi hayotimizning barcha jihatlarini o‘ylashimiz kerak. Biz biznesning bu servislar asosida 10 yillar davomida butun boshqaruv tizimini shakllantirganini tushunamiz, ammo sizga 100 foiz ishonch bilan ayta olamanki, ko‘plab rus IT-yechimlari g‘arbnikidan qolishmaydi, hattoki ularning ko‘pchiligi yangiligi bois sifat jihatidan ham ustun. Ba’zilarini takomillashtirish kerak, lekin bu yillarda emas — yarim yilda bo‘lishi mumkin. Bozorda mavjud yechimlar yangilanadi. Shuning uchun men Amerika servislarini Rossiya hududidan yumshoq tarzda siqib chiqarish to‘g‘ri yo‘nalish, deb hisoblayman. Bu servislar va boshqa bir qatorlari ham asta-sekin sekinlashishi, ishlashi qiyinlashishi mumkin, bu esa fuqarolarimiz va biznesimizga mahalliy analoglarga o‘tish uchun ma’lum bir vaqt beradi”, deydi deputat.
Bungacha Rossiya Davlat dumasi “Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi loyihani birinchi o‘qishda qabul qilgan. Mualliflardan biri Anton Nemkinning aytishicha, o‘zgartirishlar shaxsiy ma’lumotlarni chet elga uzatish jarayonida rossiyaliklarning himoyasini kuchaytirishi mumkin. Hukumat mazkur qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya hukumati nodo‘stona davlatlardan kelayotgan qo‘ng‘iroqlarni bloklashni joriy etayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi