Rossiyada migrantlarni ishdan bo‘shatish qoidalari o‘zgartiriladi
Olam
−
09 fevral 11163 2 daqiqa
Joriy yil 1 martdan boshlab Rossiyada migrantlarni ishdan bo‘shatish uchun asoslar ro‘yxatini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda TASS tanishib chiqqan hujjatda keltirilgan.
Unga ko‘ra, hududiy darajada chet el ishchi kuchini jalb etishga cheklovlar joriy etilgan taqdirda, ish beruvchilarga migrantlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish huquqi beriladi. Bungacha Rossiya Mehnat kodeksida xorijiy fuqarolar bilan mehnat munosabatlarini faqat federal darajada cheklovlar o‘rnatilganda tugatishga ruxsat berilgan. Yangi tuzatishlar ushbu ro‘yxatga Rossiya Federatsiyasi sub’ektlari hokimiyati tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ham kiritishni nazarda tutadi.
Qonun loyihasiga ilova qilingan tushuntirish materiallarida qayd etilishicha, 2025 yilda shunday cheklovlar qator hududlarda, jumladan, Moskva viloyati, Krasnodar o‘lkasi, Novgorod va Nijniy Novgorod viloyatlarida joriy etilgan. Hududiy hujjatlarda patent asosida ishlayotgan xorijiy fuqarolar mehnatidan iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarida foydalanishni taqiqlangan.
Shu bilan birga, ish beruvchilar huquqiy noaniqlikka duch kelgan: hududiy taqiqlarga rioya qilmaslik 1 mln rublgacha jarima yoki faoliyatni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid solgan, biroq xorijiy xodimni ishdan bo‘shatish noqonuniy deb topilishi va qo‘shimcha xavf-xatarlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan.
Hujjatda keltirilishicha, taklif etilayotgan o‘zgarishlar ushbu huquqiy bo‘shliqni bartaraf etish va mehnat qonunchiligini migratsiya bandligini hududiy tartibga solish amaliyotiga moslashtirishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada LDPR fraksiyasi deputatlari partiya yetakchisi Leonid Slutskiy boshchiligida sudlangan xorijiy fuqarolar uchun Rossiyaga umrbod kirish taqiqini joriy etishni taklif qilgan edi.
Live
Barchasi