Rossiyadagi o‘zbekistonlik mahbuslar jazoni o‘z mamlakatida o‘tashni so‘radi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari Rossiyaning Saxalin viloyatiga tashrif buyurib, 1-sonli jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda mazkur muassasada 11 nafar O‘zbekiston fuqarosi Rossiya Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jazo o‘tamoqda.

Tashrif davomida diplomatlar mahkumlar uchun yaratilgan sharoitlar, jumladan turar joylar, umumiy ovqatlanish va dam olish xonalari bilan tanishdi. Shuningdek, ular bilan muloqot o‘tkazilgan.

Ular bilan suhbat davomida mahkumlar muasassadagi sharoitlardan qoniqish bildirgani, biroq yaqinlarini sog‘ingani sababli jazoning qolgan qismini O‘zbekistonda o‘tash istagini bildirgan. Ular sud tomonidan belgilangan muddatning qolgan qismini mamlakatdagi jazoni ijro etish muassasalariga ko‘chirish bo‘yicha amaliy yordam so‘ragan.

Diplomatlar esa Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida mahkumlarni o‘zaro topshirish bo‘yicha alohida shartnoma mavjud emasligi sababli, hozircha bunday imkoniyat yo‘qligini ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, suhbat davomida mahkumlarning holati o‘rganilib, ularga nisbatan majburiy mehnat, qiynoq yoki bosim holatlari mavjud yoki yo‘qligi ham muhokama qilingan. O‘zbekistonliklar bunday holatlar kuzatilmaganini bildirgan.

Shuningdek, ular Rossiya Mudofaa vazirligi vakillari tomonidan vaqti-vaqti bilan harbiy xizmatga jalb etish bo‘yicha takliflar berilayotgani haqida ham ma’lumot bergan, biroq bunday jarayonlarda ishtirok etishga majburlash holatlari yo‘qligini aytgan.

Tashrif yakunida O‘zbekiston fuqarolariga Bosh konsulxona manzillari va aloqa raqamlari taqdim etilgan hamda zarurat tug‘ilganda murojaat qilishlari mumkinligi bildirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

o'zbekistonlik Vladivostok mahkumlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing