Rossiyaga rekord miqdorda Hindiston va Bangladeshdan migrantlar keldi
Olam
−
23 yanvar 33759 2 daqiqa
2025 yilda Rossiya hukumatining Hindiston va Bangladesh fuqarolariga ish faoliyati uchun bergan ruxsatnomalari so‘nggi to‘qqiz yil ichidagi rekord darajaga yetdi. Bu haqdagi ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligi statistikasida keltirilgan.
Unga ko‘ra, ish faoliyatini amalga oshirish maqsadida Rossiyaga 56,5 ming hindistonlik taklif qilingan, bu 2024 yilgi 36,2 ming kishiga nisbatan ancha ko‘p. Bangladeshdan esa ishga kelganlar soni 9,3 ming kishini tashkil etdi, bu 2024 yilgi 2,8 ming kishiga nisbatan rekord ko‘rsatkichdir. Ikkala ko‘rsatkich ham kamida 2017 yildan beri eng yuqori natija bo‘lgan.
Bundan tashqari, Turkmaniston fuqarolariga berilgan ish ruxsatnomalari 2,5 barobarga oshib, 25 ming kishini tashkil etgan. O‘zbekiston fuqarolari uchun ruxsatnomalar soni 5 barobar ko‘payib, 2,3 mingga yetgan. Tojikiston fuqarolari uchun ruxsatnomalar soni 3 barobar oshib, 263 kishini tashkil etgan. Xitoy fuqarolariga berilgan ruxsatnomalar soni taxminan 50 foizga ko‘payib, 92 mingga yetgan.
Shu bilan 2025 yilda Rossiyada chet elliklar uchun berilgan ish ruxsatnomalari jami 240 mingga yetgan, bu 2017 yildan beri rekord natija bo‘ldi. Yil davomida bu ko‘rsatkich taxminan 42 foizga oshgan.
2026 yilda hukumat Hindiston, Xitoy, Malayziya, Bangladesh va Afrika mamlakatlaridan ko‘proq ishchi migrantlarni jalb qilishni rejalashtirmoqda. Mehnat vazirligi qaroriga ko‘ra, ularga ajratiladigan kvota 279 ming kishini tashkil etadi, bu joriy yilga nisbatan 20 foizga ko‘proq. Shu kvotaning 92 foizi sanoat korxonalari va yirik infratuzilma loyihalari uchun malakali ishchilarga ajratiladi. Qolgan qismi esa malakasiz ishchilar, qiyin sharoitlarda ishlovchilar, shuningdek veterinarlar yoki hayvonlarga qarash bilan shug‘ullanuvchi xodimlarga taqsimlanadi.
Live
Barchasi