Rossiyalik xakerlar dunyo davlatlarining harbiy sirlarini o‘g‘irlashga urindi

Olam

image

Rossiya harbiy razvedkasi manfaatlarida ishlaydigan xakerlar guruhi ko‘plab mamlakatlarning harbiy va hukumat tuzilmalarini Wi-Fi routerlar orqali kuzatish bo‘yicha yirik kuzatuv kampaniyasi ortida turgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda kecha, 8 aprel kuni AQSH, Kanada, Ukraina, Germaniya, Italiya, Polsha va boshqa davlatlar maxsus xizmatlarining qo‘shma bayonotiga asoslanib, “The Mockow Times” xabar berdi.

“Kamida 2024 yildan beri APT28, Fancy Bear va Forest Blizzard nomlari bilan ham tanilgan 85-maxsus xizmat bosh markazi (Bosh shtab Bosh boshqarmasi bo‘linmasi) kiberjinoyatchilari butun dunyo bo‘ylab hisob ma’lumotlarini yig‘ish va routerlardagi zaifliklardan, jumladan, TP-Link routerlarini buzish orqali foydalanish bilan shug‘ullanib kelmoqda”, deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, rossiyalik kiberjinoyatchilar sozlamalarni o‘zgartirgan, oqibatda noutbuklar va mobil telefonlar kabi routerlarga ulangan qurilmalar ham bu sozlamalarni qabul qilgan. Shu yo‘l bilan xakerlar parollar, autentifikatsiya tokenlari va maxfiy ma’lumotlarni, jumladan, elektron xatlar hamda veb-saytlarga tashriflar haqidagi axborotni to‘plagan.

Xakerlar dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi tizimlarni, jumladan, AQSH va Ukraina tizimlarini ham buzib kirib, keyinchalik o‘z tarmoqlariga tushgan foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlarni saralab chiqqan. Ular ayniqsa, harbiylar, davlat tuzilmalari va muhim infratuzilma ob’ektlariga oid ma’lumotlarga alohida e’tibor qaratgan.

G‘arb maxsus xizmatlarining fikricha, xakerlar guruhi o‘g‘irlangan ma’lumotlardan kiberhujumlar uyushtirish, axborot sabotaji va razvedka maqsadlarida foydalangan. 

“Rossiya maxsus xizmatlari davlat organlari xodimlari, Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmalari va mudofaa-sanoat majmuasi korxonalari xodimlari o‘rtasida almashilgan ma’lumotlarga alohida e’tibor qaratgan”, deya ma’lum qilgan Ukraina Xavfsizlik xizmati. 

Ma’lumot uchun, APT28, Fancy Bear va Forest Blizzard nomlari bilan tanilgan xakerlar guruhi ilgari ham bir necha bor yirik kiberhujumlar bilan tilga olingan. 2025 yil yoz oylarida Buyuk Britaniya AQSHdagi 2016 yilgi prezidentlik saylovlariga aralashuvda va 2018 yilda Buyuk Britaniyada zaharlangan Sergey va Yuliya Skripallarni kuzatishda ishtirok etgan 85-maxsus xizmat bosh markazi hamda undagi ikki nafar ofitserga nisbatan sanksiyalar joriy etgandi.
 
Mazkur guruh Fransiya va Germaniyadagi saylov va siyosiy jarayonlarga aralashuv bo‘yicha tergovlarda ham tilga olingan. 2022 yilda esa ular Mariupol qamalida onlayn razvedka olib borib, yuzlab ayollar va bolalar yashiringan teatrga zarbalar berilishiga ko‘maklashgan. Buyuk Britaniya Putinga aloqador 18 nafar josus nomini ham oshkor qilgan.

“Wi-Fi routerlar orqali amalga oshirilgan josuslik holatlari keng qo‘llaniladigan tarmoq qurilmalaridagi zaifliklardan tajribali kiberjinoyatchilar qanday foydalanishi mumkinligini ko‘rsatadi”, deydi Buyuk Britaniya Milliy kiberxavfsizlik markazi operatsion direktori Pol Chichester. 

U kompaniyalar va oddiy foydalanuvchilarni o‘z kiberxavfsizligini kuchaytirishga chaqirgan. Britaniya Milliy kiberxavfsizlik markazi xavflarni kamaytirish bo‘yicha bir qator choralarni e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 19 dekabr kuni Daniya hukumati Rossiya davlati bilan bog‘liq xakerlik guruhlarini ikki kiberxujumda ayblagan edi.

Shahzoda Shukurullayeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiyalik xakerlar harbiy sirlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar