Rossiyaning Ukrainaga “raketa yomg‘iri” oqibatida 26 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
20 noyabr 3873 2 daqiqa
Rossiyaning Ternopolga bergan zarbasi oqibatida halok bo‘lganlar soni 26 kishiga yetdi. Bu haqda Ukraina Ichki ishlar vaziri xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 19 noyabr kuni Rossiya Ukrainaga 48 ta raketa va 476 ta uchuvchisiz samolyot bilan hujum qilgan. Hujumda 40 ta X-101 qanotli raketalari, 7 ta “Kalibr” qanotli raketalari va bitta “Iskander-M” ballistik raketasi ishtirok etgan. Bundan tashqari, Rossiya harbiylari 476 ta dronlar, shu jumladan, 300 ga yaqin “Shahed” uchuvchisiz samolyotlarini uchirgan. Nishonlarning aksariyati havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgan. 7 ta raketa va 34 ta hujumchi dron 14 ta joyga urilgani, 6 ta joyga vayronalar tushgani qayd etilgan.
Ukraina harbiy-havo kuchlariga ko‘ra, asosiy ta’sir hududi Lvov, Ternopol va Xarkov viloyatlari bo‘lgan. Viloyat harbiy boshqarmasi boshlig‘i Oleg Sinegubovning so‘zlariga ko‘ra, Xarkovda o‘qqa tutilish oqibatida 46 kishi yaralangan. Rossiya kuchlari Xarkovning Slobodskiy va Osnovyanskiy tumanlariga 19 ta “Geran-2” droni bilan hujum qilgan. Xarkovda 16 ta ko‘p qavatli uy, 31 ta yengil avtomobil, garaj kooperativi, tez tibbiy yordam podstansiyasi, supermarket, ikkita trolleybus, noturar joy, ma’muriy bino va maktab zarar ko‘rgan. Ternopil ham dron va raketalardan hujumga uchragan. Ichki ishlar vaziri Igor Klimenkogo ko‘ra, 10 kishi halok bo‘lgan, 37 kishi yaralangan. Ammo yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning Ternopoldagi ko‘p qavatli uylarga berilgan raketa zarbalari qurbonlari soni 26 kishiga yetgan.
“Rossiya zarbasidan 26 kishi halok bo‘lgani tasdiqlandi. Yuzga yaqin kishi jarohat oldi”, deydi Klimenko bayonotida.
Shu bilan birga, vazirning so‘zlariga ko‘ra, vayron bo‘lgan ko‘p qavatli uylarning yana 26 nafar fuqarosi hanuz bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Kiyev va Moskvani muzokaralarni qayta boshlashga chaqirgandi.
Live
Barchasi