Samarqand va Xorazmda “prava” olib berishni va’da qilganlar ushlandi
3-sahifa
−
12:48 1738 1 daqiqa
Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida va Xorazm viloyatining Xiva shahrida haydovchilik guvohnomasini olib berish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida “N.I.” MCHJ avtomaktabi ustasi I.X. “V” va “S” toifali haydovchilik guvohnomalarini olib berishi uchun 2 nafar fuqaroga ushbu MCHJda o‘quv kursini tamomlaganliklari haqida sertifikat olib berishini va’da bergan. Evaziga 1400 AQSH dollari so‘rab, ularni olgan paytda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Xiva shahrida ham “H.A.” MCHJ avtomaktabi xodimi X.S. tanishlari orqali fuqaro A.A.ga haydovchilik guvohnomasi olishi uchun bo‘lib o‘tadigan imtihondan o‘tkazib qo‘yishi evaziga 800 AQSH dollari va 2,4 mln so‘mni olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida 1200 AQSH dollari evaziga haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilgan firibgar ushlangani haqida xabar berilgandi.