Sankt-Peterburgda 4 ayolni qutqargan o‘zbekistonlikka pul yig‘ib berildi

Olam

image

Avvalroq, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida yashab, farroshlik qiladigan o‘zbekistonlik migrant yong‘in paytida bir nechta ayollarni qutqarib, qahramonga aylangani haqida xabar bergandik. Shundan so‘ng shahar aholisi o‘zbekistonlik Olimjon Ibrohimovga 36 ming rubl yig‘ib berdi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Cherniy spisok Piter” guruhi a’zolari Olimjon Ibrohimovga 11 ming rubl bergan, yana 25 ming rublni Kolomna (yong‘in sodir bo‘lgan joydan uncha uzoq bo‘lmagan Admiraltey tumanidagi tarixiy okrug) aholisi yig‘ib bergan.

Ma’lumot uchun, 27 aprel kuni shaharning Admiraltey tumani ma’muriyati rahbari Sergey Overchuk minnatdorlik belgisi sifatida Olimjon Ibrohimovga rasm sovg‘a qilgan.

O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasida ham Olimjon Ibrohimov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Muloqot chog‘ida Ibrohimov voqea tafsilotlarini so‘zlab bergan. Uning aytishicha, 25 aprel kuni ertalab u o‘z uchastkasini rejali ko‘zdan kechirish chog‘ida 39-uyda yong‘in sodir bo‘lganini aniqlagan va o‘t o‘chiruvchilarga xabar qilgan. 

"Xonadondagi aholining qichqirig‘ini eshitib, eshikdan kirish imkoni bo‘lmagani uchun quvur orqali alanga ichida qolganlarga yordam berishga oshiqdim. Tepaga ko‘tarilayotgan paytimda yiqilib tushishimga sal qoldi. Olov ichida qolgan to‘rt kishini qutqardik. Ularning biri quvur orqali va qolganlarini esa o‘t o‘chirish mashinasi zinalari ko‘magida pastga olib tushildi", deb eslaydi Olimjon Ibrohimov.

U ko‘rsatgan qahramonlikda harbiy bilimlari asqatgan. Ibrohimov O‘zbekistonda Havo-desant qo‘shinlari saflarida xizmat qilgan. 2017 yildan beri oilasi bilan Rossiyada istiqomat qiladi. Uning ikki nafar voyaga etgan qizi bor.

Olimjon Ibrohimov aytishicha, bu yong‘in paytida odamlarni qutqarish bo‘yicha ikkinchi holat. Bir yil avval u Rossiya shimolidagi Vareyskaya ko‘chasida sodir bo‘lgan yong‘inda ayol kishining hayotini saqlab qolgan.

“Dunyo” axborot agentligining yozishicha, suhbat davomida Bosh konsulxona xodimlari va diaspora faollari Olimjon Ibrohimovga ko‘rsatgan jasorati uchun minnatdorlik bildirgan va esdalik sovg‘alarini topshirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Sankt-Peterburg Rossiya Olimjon Ibrohimov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made