Saudiya va Quvayt AQSHga bazalaridan foydalanishga ruxsat berdi
Olam
−
08 may 3145 2 daqiqa
Saudiya Arabistoni va Quvayt AQSH harbiylarining o‘z hududi va harbiy bazalaridan foydalanishiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qildi. Bu haqda “The Wall Street Journal” nashri xabar berdi.
Bu qaror Hormuz bo‘g‘ozidagi AQSHning “Ozodlik loyihasi” operatsiyasini qayta boshlash yo‘lidagi asosiy to‘siqni bartaraf etgan.
Nashr manbalariga ko‘ra, Pentagon operatsiyani hatto shu haftaning o‘zida qayta tiklashi mumkin.
“Ozodlik loyihasi” operatsiyasi boshlanganidan ikki kun o‘tmay to‘xtatilgan edi. NBS ma’lumotiga ko‘ra, bunga Saudiya Arabistonining noroziligi ham sabab bo‘lgan. VSJ yozishicha, AQSH kemalarni himoya qilishda Saudiya va Quvayt bazalariga tayangani Ar-Riyod bilan jiddiy kelishmovchilikka va xavfsizlik bo‘yicha kelishuv buzilishi xavfiga olib kelgan.
Fors ko‘rfazi davlatlari AQSHning Eron hujumlariga munosabatini yetarli deb hisoblamagan va shu sababli amerikaliklarga bazalardan foydalanishni cheklab qo‘ygan.
Agar operatsiya qayta boshlansa, kemalar maxsus minadan tozalangan yo‘lak orqali AQSH floti va aviatsiyasi himoyasi ostida harakatlanadi.
AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset operatsiyani “Amerikadan butun dunyoga sovg‘a” deb atab, Hormuz bo‘g‘ozi ustida “qizil-oq-ko‘k qalqon” yaratilishini aytgan.
Operatsiyaga javoban Eron BAAdagi neft infratuzilmasiga zarba bergani aytilmoqda. Bu holat Ar-Riyodda xavotir uyg‘otgan. AQSH ayrim hujumlarni qaytargan, oltita Eron katerini cho‘ktirgan va ikki harbiy kemasini hududdan olib chiqqan. Shu bilan birga, Tehron boshqa bir qator kemalarga zarba bergani va BAA hududiga 15 ta raketa hamda dron uchirgani xabar qilinmoqda.
Eron esa BAAga qilingan hujumlarni rad etmoqda, biroq amirliklar hududidan o‘zlariga qarshi harakat bo‘lsa, “vayronkor javob” qaytarilishini ogohlantirgan.