SEX TRAFFICKING yoxud O‘zbekistonlik qiz ortidan “Gunohlar oroli”ga yo‘l

Tahlil

image

Jeffri Epshteyn, bu ismni hech bo‘lmasa bir marta eshitgan bo‘lsangiz kerak. Dunyo 2026 yilning yanvar oyini Venesuela Prezedenti Nikolas Maduroni o‘g‘irlanishi bilan boshlab, Epshteyn ismi atrofida boshlangan mashmashalar bilan yakunladi.

Jeffri Epshteyn – tarixdagi eng yirik jinsiy savdo tarmog‘i asoschisi. Voyaga yetmagan qizlarga nisbatan kuch ishlatish, aldash, qo‘rqitish yoki majburlash orqali jinsiy ekspluatatsiya qilish (sex trufficking) ortidan dunyoning eng ta’sirli shaxslarini o‘z irodasiga bo‘ysindira olgan Epshteyn haqida turli konspirologiyalar mavjud. Ba’zilar uni omadli milliarderning jirkanch taqdiri sifatida ta’riflasa, yana ba’zi bir insonlar uchun bu ism Isroilning davlatlarni nazorat qilish uchun “yaratgan qo‘g‘irchog‘i”ni anglatishi mumkin. Ammo, bir narsa aniqki, ushbu yahudiy taklif etgan “xizmatning” mijozlari serob bo‘lgan.

Epshteynning shaxsiyati, hayoti va o‘limi nihoyatda sirli hamda shov-shuvli va bu shovqin to‘lqini, hatto uning o‘limidan keyin ham davom etib kelmoqda. Unga tegishli Pandora qutisining (mif. barcha kulfatlar manbai ramzi) ochilishi siz va bizga tanish bo‘lgan yuzlab insonlar haqidagi tasavvurlarimizni o‘zgarishiga olib keldi.

Kim u Jeffri Epshteyn?

Jeffri Edvard Epshteyn 1953 yil 20 yanvarda Nyu-York shtatining Bruklin shahrida tug‘ilgan. Uning ota-onasi Seymur Jorj Epshteyn (1916-1991) va Paulin “Paula” Stolovskiy (1918-2004) yahudiy edi.

21 yoshida Epshteyn Manxettendagi Dalton maktabida o‘smirlar uchun fizika va matematika o‘qituvchisi sifatida ishlay boshladi. Uning qizlarga suyagi yo‘q, fe’li o‘sha paytlardayoq namoyon bo‘la boshlagan edi. Keyinchalik tasodifiy tanishuvlar ortidan uning karerasi Bear Stearns investitsiya bankida davom etdi. Besh yillik qisqa ish faoliyati davomida Jeffri bankning boy mijozlari bilan aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi va 1981 yilda ochiqlanmagan sabablarga ko‘ra bankdagi faoliyatini to‘xtatdi. Shu yilning o‘zida u “International Assest Group” (IAG) nomli moliyaviy konsultatsiya kompaniyasiga asos soldi va bankda tanishgan millioner do‘stlariga aktivlarini tiklash va yo‘qolgan aktivlar bo‘yicha maslahatlar berish bilan shug‘ullandi. Tarmoqlarda chiqarilgan ma’lumotlarga ko‘ra, u aynan shu faoliyati ortidan besh yilda juda katta daromad topgan va Financial Trust Sompany moliyaviy boshqaruv kompaniyasiga asos soladi.

Bir qarashda hammasi ishonarlidek, lekin voqealar rivoji Gollivud filmlarinikidan-da tez rivojlanib, qahramonimiz juda qisqa vaqt ichida oddiy o‘qituvchidan mamlakatning eng yirik moliyaviy kompaniyasiga asos solishi ba’zilar uchun notabiiy tuyulishi mumkin.


Epshteyn familyasi tarixda muvaffaqiyatli moliyachi sifatida emas, dunyoda eng yirik jinsiy savdo tarmog‘ini yaratganligi va bu xizmati orqali nomdor siyosiy arboblar yoki boshqa sohadagi mashhurlarga o‘z ta’sirini o‘tkaza olgan shaxs sifatida qoldi. Turli manbalarga ko‘ra, Epshteyn 2000 yillar boshidan ko‘plab qizlarni o‘ziga jalb qilish, ekspluatatsiya qilish va ulardan shantaj mexanizmi sifatida foydalanish bilan shug‘ullangan.

1998 yilda Jeffri Epshteyn 7,95 million dollarga AQSHning Virjin orollaridan birini sotib oladi va barcha kompaniyalarini shu orolga ko‘chiradi. Bu orol nafaqat Jeffrining moliyaviy imperiyasi markazi, balki dunyoning mashhurlariga jinsiy ehtiyojlarini qondirish imkonini beruvchi xizmat ko‘rsatish makoni sifatida ham nom qozondi. Orolning norasmiy nomlari orasida “Ishrat oroli”, “Gunohlar oroli” va “Pedofillar oroli” kabilar borligi ham bejiz emas.

Jeffri Epshteynga nisbatan 2005-2019 yillar oralig‘ida ikki marta jinoiy ish ochilib, 2011 yilda 13 oylik yumshatilgan (kunduzi ishga chiqishga ruxsat berilgan) qamoq jazosi belgilanadi. Ammo, o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas deganlaridek, qamoqdan chiqqan Epshteyn voyaga yetmagan qizlar bilan jinsiy aloqada bo‘lishdan to‘xtamadi. Unga nisbatan 2019 yilda ikkinchi jinoiy ish ochiladi va tergov boshlanadi. Tergov jarayonida hibsda bo‘lgan Jeffri noma’lum sabablarga ko‘ra qamoqxonada o‘lik holda topiladi. Videokameralar o‘chirilgan, tungi qo‘riqchilar uxlab qolgan, xullas, haqiqiy Gollivud kinosi. Ammo uning o‘limi olamshumul jinoiy ishning boshlanishi edi, xolos.

Jinoyatning yangi dalillari

2025 yilning 15 iyulida AQSH Kongressida HR4405 – Epshteyn fayllarini ochiqlash bo‘yicha akt taklif qilingan edi. 12 noyabr kuni Jeffri Epshteyn ishi to‘g‘risidagi 20 ming hujjat ommaga oshkor qilingach, internetda tom ma’noda “katta to‘polon” boshlangan edi. Oshkor qilingan “mijozlar” ro‘yxati ancha keng edi. Puldorlarga jinsiy ehtiyojlarini qondirish uchun imkoniyatlar yaratib berishi bilan tanilgan Epshteyn bilan aloqada bo‘lish hech kim uchun maqtanarli hol emas.

Joriy yilning 30 yanvar kuni esa Jeffri bilan bog‘liq fayllarning eng katta to‘lqini ommaga e’lon qilindi. Sizdirilgan 3 milliondan ortiq sahifa hujjatlar, 180000 surat va taxminan 2000 ga yaqin video materiallar internetda “jirkanch jinoyatchi”, deb ta’riflanayotgan shaxs bilan dunyoning ko‘plab nufuzli insonlari aloqada bo‘lganligini ko‘rsatdi. Jeffrining do‘stlari qatorida AQSH hokimiyatining turli darajadagi amaldorlari – Donald Trampdan tortib Bill Klintongacha, Buyuk Britaniyaning sobiq shahzodasi Endryudan, nogiron fizik Stiven Xokinggacha minglab ismlarni uchratish mumkin. Ba’zilar bilan shunchaki “salom-alik” qilgan bo‘lsa, boshqalari bilan o‘zining “faxsh oroli”da ko‘ngilxushlik qilgan.

Jeffrey Epshteyn bilan Donald Tramp o‘rtasidagi munosabatlar uzoq yillar davomida jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib kelgan. Tramp va Epshteyn ilk bor 1980–1990 yillarda Palm Beach (Florida)da uchrashgan deb hisoblanadi. 2002 yilda Tramp “New York Magazine”ga bergan intervyusida Epshteyn haqida shunday degan edi:

“Men uni 15 yildan beri taniyman. Zo‘r odam. U bilan bo‘lish juda maroqli. Hatto shuni ham aytishadi: u men kabi go‘zal ayollarni yoqtiradi va ularning ko‘plari yoshroq bo‘ladi. Shubhasiz, Jeffri o‘z ijtimoiy hayotidan zavqlanadi”.

Ammo, 2019 yilda Epshteyn hibsga olingach, Trampning u haqida pozitsiyasi o‘zgaradi. U Jeffri bilan aloqasi ancha oldin uzilganini, uning qilayotgan ishlari yoqmaganini ta’kidlagan. Yaqinda ochiqlangan hujjatlarda Tramp eng ko‘p tilga olingan shaxslardan biri. Biroq, ko‘plab hujjatlarda uning bu jinoyatlarga sherik bo‘lganmi yoki yo‘q, dalillar yetarli emas. Hozirgi paytda Trampga nisbatan Epshteyn bilan bog‘liq hech qanday sud ayblovi yoki jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagan.

Ommaga taqdim etilgan suratlarda AQSHning 42-prezidenti Bill Klintonni bir necha bor uchratish mumkin. Epshteyn sobiq prezident bilan bir necha ijtimoiy va xayriya tadbirlarida uchrashgan, shuningdek, Epshteynning xususiy samolyotlarida safarlar qilganligi hujjatlar va mediya hisobotlarida qayd etilgan. 2019 yilda sobiq prezidentning bergan bayonotiga ko‘ra, uning Epshteyn bilan aloqalari asosan xayriya faoliyati va professional uchrashuvlar bilan bog‘liq bo‘lgan.

“Men Epshteyn bilan bir necha bor uchrashganman, ammo uning jinoiy faoliyatidan xabardor emasdim. Men hech qachon Epshteynning yosh qizlar bilan noqonuniy aloqalariga guvoh bo‘lmaganman va hech qachon bunday ish bilan shug‘ullanmaganman”, degan edi Klinton.

Ammo, suratlarda “janob sobiq prezidentning” quchog‘ida qizlar bilan sarxush insondek ko‘rinish bergani, uning gaplari rost ekanligiga shubha uyg‘otadi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan Klintonga nisbatan hech qanday jinoiy ish ochilmagan.

Epshteynning eng mashhur qurbonlaridan biri shubhasiz, Buyuk Britaniyaning sobiq shahzodasi Prins Endryudir. Ochiqlangan ma’lumotlarda Endryu Albert Kristian Edvard Mauntbetten-Vindzor nomi ko‘p marta qayd etilgan. Ular orasida ba’zi fotosuratlarda u noma’lum ayollar bilan tasvirlangan, biroq bu suratlar kontekstga ega emasligi sababli jinoyat dalili sifatida baholanmaydi. “Epstein Files” e’lon qilinishi ortidan Prins Endryuning holati jamoatchilikda katta reaksiyaga sabab bo‘lgan. 2025 yilda Qirol Charlz III uni qirollik unvonlaridan mahrum qilgan va u Royal Lodgedan ko‘chirilgan.

Dunyoning eng boy insonlari – Ilon Mask va Bill Geytsning ham “jirkanch moliyachi” bilan aloqalari borligi ko‘pchilik uchun yangilik bo‘ldi. Bill Geytsning Jeffri Epshteyn bilan aloqalari 2011–2014 yillar davomida bir qator uchrashuvlar orqali yuz bergan deb aytiladi. Ular bir necha bor uchrashgan, shu jumladan, xayriya va fond faoliyati doirasida muloqot qilganlar. Biroq, Geyts o‘z izohida bu uchrashuvlar faqat xayriya tadbirlari va munozaralar uchun bo‘lganini aytgan va uni taniganidan afsuslanishini ta’kidlagan.

Ilon Maskning ham ismi e’lon qilingan hujjatlar orasida uchraydi. Aytilishicha, 2013–2014 yillarda Epshteyn bilan elektron pochta orqali muloqotlar mavjud bo‘lib, u Jeffrining Karib dengizidagi xususiy oroliga tashrifni rejalashtirish haqida so‘ragan ma’lumotlar hujjatda saqlangan. Biroq Maskning o‘zi bu tashrif oxir-oqibat amalga oshmaganini va Epshteyn bilan yaqin munosabatda bo‘lmaganini bildirgan.

Yangi ochilgan hujjatlarda minglab mashhurlarning ismi eslangan bo‘lsa-da, negadir deyarli hech kimga nisbatan tergov ishi ochilmagan. Suratlar boshqa narsani, suratlardagi insonlar esa umuman boshqa narsani gapiryapti. Hukumat esa “boyvachchalarning” bayonotlariga jimgina ishonib qolayotgandek tuyulmoqda. Bu esa odamlarda go‘yoki bu insonlar “qonun qo‘li yetmaydigan kursilarda o‘tiradi”, degan taassurot uyg‘otgan bo‘lishi tabiiy.

Ammo, shuni ham inobatga olish lozimki, millionlab hujjatlarda bunday mashhur insonlarning ismi uchrashi ularning barchasi jinsiy jinoyatlarga aloqadorligini bildirmaydi. Negaki, o‘zi ham milliarder bo‘lgan Jeffri Epshteynning bunday ta’sirli shaxslar bilan aloqada bo‘lgani ularni jinoyatlarda ishtirok etganligini bildirmaydi.

Bundan tashqari, Jeffri Epshteyn shaxsiyati Isroil tomonidan yaratilgan konstrukt bo‘lishi mumkin degan taxminlar ham yo‘q emas. Uning “uchqur” karerasi ortida Mossad turganligi, “shantaj mexanizmi” sifatida yaratilgan soxta milliarderning asosiy vazifasi dunyoning ko‘plab ta’sirli shaxslariga jinsiy aloqa xizmatini taklif qilish bo‘lganligi haqida nazariyalar tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lib kelgan. Aslida ham siyosiy maydonda jinsiy ayblovlar ko‘p foydalaniladigan “qora texnologiyalar”dan biri hisoblanadi.

Shunga qaramay, “Epshteynning jinsiy savdo tarmog‘idan foydalangan”, deb taxmin qilinayotgan shaxslarning obro‘siga jiddiy zarar yetmoqda. Garchi ularning aybi hali isbotlanmagan bo‘lsa-da, ko‘pchilikda ularga nisbatan salbiy kayfiyat shakllanib ulgurdi. Harholda jinsiy ekspluatatsiya hazilakam ayblov emas. Ijtimoiy tarmoqlarda ular ishtirokida millionlab “mem”lar yaratilmoqda.

O‘zbekistonlik qizning “mehribon do‘sti”

Bu galgi Epshteynga ta’luqli ma’lumotlarning ochilishi, unda o‘zbekistonlik qizning eslanishi bilan alohida ahamiyatlidir. 1991 yilda Samarqandda tug‘ilib, Toshkentda yashab o‘qigan qizning uzoq Amerikadan bunday do‘stning topishi ko‘pchilikni hayratga soldi.

Asosiy maqsadi o‘qish uchun pul topish bo‘lgan qizning Jeffri Eshteyndek milliarder jinsiy jinoyatchi bilan qanday do‘stlashgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q, lekin ochiqlangan yozishmalardan ko‘rinib turibdiki, Jeffri o‘zining o‘zbekistonlik “tanishiga” yaxshigina moliyaviy yordam berib turgan. Aynan Epshteyn uning Parijga o‘qishga borishini tashkillashtirgan. Buning evaziga u Jeffrining Parijdagi kvartirasiga tez-tez tashrif buyurib turgan va uning do‘stlariga “xizmat” ko‘rsatgan.

Qahramonimiz O‘zbekistonda ko‘p yashamagan. Uning 2014 yilda bir guruh ukrainaparast faollar bilan birgalikda Kiyevda bir qancha namoyishlar o‘tkazgani va buning natijasida G‘arbda anchayin ko‘zga ko‘rinib qolgani haqida ma’lumotlar bor.

3 million – bu katta raqam, ammo Epshteyga tegishli fayllar hali to‘la o‘rganib bo‘linmgan. Shunday ekan hali bizni yana qanday hayratlanarli xabarlar kutib turibdi, bu hali noma’lum. Xullas, “Epshteyn loyihasi” haligacha yashab kelmoqda, garchi Epshteynning o‘zi allaqachon o‘lgan bo‘lsa-da.

 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Tramp Ilon Mask Bill Klinton Epshteyn

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing