Mirziyoyev Isroilni qoraladi
Tahlil
−
05 iyul 7090 7 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 iyul kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Baku shahriga bordi. Poytaxtdagi Haydar Aliyev nomidagi aeroportda davlat rahbarini Ozarbayjon Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yaqub Ayubov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. Oliy martabali mehmon sharafiga ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov tomonidan e’lon qilingan kun tartibida Shavkat Mirziyoyev tashrif davomida Baku, Xonkendi, Shusha, Ag‘dam shaharlarida bo‘lishi ma’lum qilindi.
Tashrifning dastlabki kunida ikki mamlakat yetakchilari “Zagulba” qarorgohida tor doirada uchrashuv va Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida kooperatsiya va almashinuvlarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Mirziyoyev bu galgi davlat tashrifi va Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan yilda o‘tayotganini alohida ta’kidlagan.
Davlat rahbari Bakuda qurilayotgan yangi “O‘zbekiston” bog‘iga tamal toshini qo‘ydi va O‘zbekistonning Bakudagi elchixonasi yangi binosini ochib berdi.
3 iyul kuni Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev muloqotni Ozarbayjonning Qorabog‘ tumanida davom ettirib, Xonkendidagi qo‘shma tikuvchilik fabrikasi bilan tanishdi. Shuningdek, Mirziyoyev davlat tashrifining ikkinchi kunida Baku shahrida Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev qo‘nim topgan Faxr xiyoboniga tashrif buyurdi. O‘zbekiston yetakchisi Aliyevning otasi qabriga gul qo‘yib, Ozarbayjonning buyuk davlat va siyosat arbobi xotirasiga ehtirom ko‘rsatdi.
Fuzuliy shahriga borgach, uni aeroportda Ozarbayjon Madaniyat vaziri Odil Kerimli va boshqa rasmiylar kutib oldi. Shahar buyuk ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Muhammad Fuzuliy nomi bilan atalgan. Mamlakatning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan bu shahar azaldan Qorabog‘ning “janubiy darvozasi” hisoblanadi.
Shavkat Mirziyoyev Xonkendi shahridagi Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 17-sammiti doirasida Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodar bilan ham uchrashdi. O‘zbekiston yetakchisi chegaraoldi savdo va tegishli infratuzilmani yanada rivojlantirish, qazib chiqarish, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlarida, qurilish materiallari tarmoqlarida, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish muhimligini ta’kidladi. Strategik muhim mintaqaviy loyiha – Transafg‘on temiryo‘lini qurish loyihasini jadallashtirish zarurligi qayd etildi.
Mirziyoyev Qorabog‘da ot tomoshasiga ham bordi. Ag‘dam shahridagi “Imorat” tarixiy-me’moriy majmuasiga qilingan safarda unga Aliyevning o‘zi hamrohlik qilgan.
Kremlda Putin bilan uchrashuvlariga yakun yasagan qo‘shni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ham Mirziyoyevning ortidan Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotining 17-sammitida qatnashish uchun Baku tomon otlandi. Ozarbayjonga yetib borgach, u Qirg‘iziston tomonidan qurilgan, Ag‘dam tumanida joylashgan “Ayqol Manas” maktabini ochib berdi.
Esingizda bo‘lsa, 2023 yilning avgust oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasi Ziroatxon Mirziyoyeva davlat tashrifi bilan Ozarbayjonga borgandi. Tashrif davomida Qorabog‘ga ham borilgandi va Fuzuliy shahrida O‘zbekiston tomonidan qurilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi 1-sonli maktab ochilgandi.
4 iyul kuni Xonkendida sammit start oldi. Aliyev sammit ishtirokchilariga 30 yillik arman bosqini haqida aytib berdi.
Ozarbayjon rahbari ular ayni damda bo‘lib turgan Qorabog‘ va mamlakatning 20 foizi 30 yil davomida Armaniston istilosi ostida qolgani, etnik tozalash ishlari olib borilgani, bir milliondan ortiq odam o‘zi tug‘ilib o‘sgan joylardan quvilganini eslatdi.
“Bir necha bor Armaniston va uning orqasida turgan davlatlarga agar Armaniston o‘z xohishi bilan bosib olingan yerlardan chiqib ketmasa, biz harbiy yo‘l bilan o‘z hududiy yaxlitligimizni ta’minlashimizni aytganmiz”, dedi Aliyev.
Shuningdek, ishg‘ol davrida Armaniston madaniy va diniy obidalarni yer yuzidan supurib tashlagani, 67 masjiddan 65 tasi yer bilan yakson qilingani, qolgan ikkitasi esa cho‘chqaxona va molxonaga aylantirilgani urg‘ulandi.
Ozarbayjon Prezidenti armanlar Qorabog‘da hatto qabristonlarni ham talagani, qabrtoshlari ham olib ketilganini, hududga 1 milliondan ortiq mina joylashtirilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishg‘ol oqibatida mamlakatga 150 mlrd dollar zarar yetgan.
“Davlat tashkilotlaridan iborat komissiya o‘z ishiga xorijiy ekspertlarni jalb etib, xalqaro tajribadan kelib chiqib, ishg‘ol oqibatida Ozarbayjonga taxminan 150 mlrd AQSH dollari miqdorida zarar keltirilganini hisobladi”, dedi Ilhom Aliyev.
O‘zbekiston rahbari ham sammitda nutq so‘zladi. U uzoq tanaffusdan so‘ng Afg‘oniston Muvaqqat hukumati delegatsiyasi ishtirok etayotganidan xursand ekani, qo‘shni Afg‘onistonni tashkilotning ajralmas bir qismi, keng ko‘lamli iqtisodiy hamkorlik va transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik jarayonlarining muhim ishtirokchisi sifatida ko‘rishi va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Bundan tashqari, Mirziyoyev Isroil va AQSHning Eronga qilgan hujumlarini qoraladi. O‘zbekiston Prezidenti Eron Islom Respublikasiga qarshi harbiy amaliyotlar butun mintaqani urushga jalb qilish va keng miqyosida atrof-muhit falokatining sodir bo‘lish ehtimolini yuzaga keltirganini bildirdi.
“Eron va Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha erishilgan kelishuvni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ushbu qarorni mintaqadagi keskinlikni yumshatish, xavfsizlikni tiklash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholaymiz.
Bu kelishuv barcha muammolarni diplomatik va konstruktiv muzokaralar yo‘li bilan hal etish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonamiz.
Ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik va ularni ishlatishdan tiyilish xalqaro xavfsizlikning eng dolzarb masalasi ekanini inobatga olib, dunyo hamjamiyatini yana bir bor yadro qurolidan xoli hududlar geografiyasini kengaytirishga chaqiramiz”, deydi Prezident.
Shu bilan birga, Mirziyoyev Falastin-Isroil ziddiyatini adolatli hal etmasdan turib, Yaqin Sharqdagi tinchlik va barqarorlikka erishib bo‘lmasligini aytdi va mustaqil Falastin davlatini tashkil etish tarafdori ekanini ta’kidladi.
“Biz G‘azo sektorida harbiy harakatlarni to‘xtatish, ochlik va g‘ayriinsoniy sharoitdan azob chekayotgan aholiga gumanitar yordam ko‘rsatishga hech qanday to‘siq qo‘ymaslik, Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalariga muvofiq mustaqil Falastin davlatini tashkil etish tarafdorimiz”, deydi u.
Turkiya, Eron, Pokiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston, shuningdek, O‘zbekiston rahbariyati qatorida Shimoliy Kipr Turk Respublikasi rahbari Ersin Tatar ham qatnashdi. Joriy yilning 3-4 aprel kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi sammitida qabul qilingan deklaratsiyada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmaslikka kelishib olgandi. O‘shanda qabul qilingan bayonotning 4-bandida aytilishicha, barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga xalqaro va mintaqaviy doiradagi har qanday forumlarda hurmat ko‘rsatish, shuningdek, bu tamoyillarga zid harakatlardan tiyilish majburiyati olingan.
Markaziy Osiyo davlatlarining, xususan, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi bo‘lgan 4 davlatning bu xatti-harakati Turkiyada katta shov-shuv va e’tirozlarni keltirib chiqardi. Siyosatchilar buni Turkiyaning yuziga tarsaki, deb qabul qildi, tashkilotni samarasizlikda aybladi. Hatto, gap “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” sammitida qabul qilingan hujjatlar, iqtisodiy kelishuvlar, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga kiritadigan 12 mlrd yevrolik investitsiyasiga borib taqaldi va bu davlatlar Turkiy birlik taqdirini 12 mlrd ga almashganlikda ayblandi. Erdo‘g‘an bu holatlarga umuman izoh bermadi, to‘xtalmadi.
Markaziy Osiyoning Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘lgan 3 davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va kuzatuvchi davlat maqomida qolayotgan Turkmaniston o‘zi bilan bir tuzilma, ya’ni Turkiy davlatlar tashkilotida bo‘lib turgan SHKTR bilan bir stol atrofida to‘plansa-da, uni rad etadi.
21 may kuni Vengriya poytaxti Budapeshtda o‘tkazilgan Turkiy Davlatlar Tashkiloti davlat va Hukumat rahbarlarining norasmiy sammiti oldidan bo‘lib o‘tgan Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ham bu masala yana bir bor yangragandi. Uchrashuvda ishtirok etgan Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan kiprlik Turk birodarlar duchor bo‘lgan nohaq va g‘ayriinsoniy yakkalanishga qarshi birdamlikda harakat qilish umumiy mas’uliyat ekanini bildirdi. Samarqand sammitida (2022 yil) TDTga kuzatuvchi a’zo sifatida qabul qilingan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi turkiy oilaning ajralmas qismi ekanini urg‘uladi. SHKTR Samarqandda o‘tgan sammitda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning qistovi bilan Turkiy davlatlar tashkilotida kuzatuvchi maqomini olgan. Shimoliy Kipr Turk Respublikasi rahbari Ersin Tatar esa Markaziy Osiyo davlatlari, xususan turkiy respublikalarni Gretsiya, Yevropa Ittifoqi va Kiprdan ehtiyot bo‘lishga chaqirib keladi.
Live
Barchasi