Mirziyoyevning AQSHga safari dasturi e’lon qilindi
Olam
−
08:17 5586 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 17-19 fevral kunlari “Tinchlik kengashi”ning dastlabki yig‘ilishida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Vashington shahrida bo‘ladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Kengashning birinchi sammiti AQSH Tinchlik institutida bo‘lib o‘tadi hamda G‘azo sektorini tiklash, unga gumanitar yordam ko‘rsatish, ushbu mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlanadi.
O‘zbekiston yetakchisi tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida Amerikaning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari ishtirokidagi strategik loyihalar taqdimoti hamda iqtisodiy sohaga oid ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Donald Tramp tashabbusi bilan tuzilgan “Tinchlik kengashi” ustavini imzolagan edi. Buning uchun u Tramp taklifiga binoan Davosga borgan.
AQSH va O‘zbekistondan tashqari, ustavni Armaniston, Argentina, Ozarbayjon, Bolgariya, Vengriya, Indoneziya, Iordaniya, Kosovo, Pokiston, Paragvay, Qatar, Saudiya Arabistoni, Turkiya, BAA, Qozog‘iston va Mo‘g‘uliston ham imzolagan.
Live
Barchasi