Shavkat Mirziyoyev Iordaniya delegatsiyasini qabul qildi
Jamiyat
−
04 fevral 784 1 daqiqa
Bugun, 4 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Senati Raisi Faysal Aqif Misqal al-Fayoz boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlat rahbariga Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning samimiy salomi va tilaklarini yetkazgan.
O‘tgan yili Samarqandda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Iordaniya keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilingan.

Ikki tomonlama aloqalar va almashinuvlar faol tus olgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. O‘zaro savdo hajmi va qo‘shma korxonalar soni ortib bormoqda.
Parlamentlarda tashkil etilgan “do‘stlik guruhlari” ishini “yo‘l xaritasi” asosida faollashtirish, ularning davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarning samarali amalga oshirilishini ta’minlashdagi rolini kuchaytirish muhimligi ta’kidlangan.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Xususan, joriy yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi va yetakchi kompaniyalar biznes forumini natijador qilib o‘tkazish zarurligi ta’kidlangan.
Shuningdek, dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashilgan.
Live
Barchasi