Shavkat Mirziyoyev Rossiya delegatsiyasini qabul qildi
Jamiyat
−
20 aprel 4021 2 daqiqa
Bugun, 20 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tayotgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasida Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturovni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Tatariston, Boshqirdiston Respublikalari, Leningrad, Kirov, Irkutsk va Omsk viloyatlari, shuningdek, Rossiyaning bir qator yetakchi kompaniyalari rahbarlari ham ishtirok etgan.

Suhbat avvalida yuqori martabali mehmon O‘zbekiston yetakchisiga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.

O‘zbekiston Prezidenti 35 mamlakatdan 10 mingdan ziyod biznes vakillari ishtirokida oltinchi “INNOPROM” ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli tashkil etilgani va o‘tkazilayotganini olqishlagan.
Oliy darajada, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Savdo hajmi barqaror o‘sib borayotgani, sanoat, tinch atom, energetika, transport, metallurgiya, kimyo va boshqa tarmoqlardagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish va ustuvor tarmoqlarda, shu jumladan, sanoat zonalari doirasida kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish, hududlar va tadbirkorlar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirish muhimligi ta’kidlangan.

Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, energiya samaradorligi, suv xo‘jaligi, kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt kabi istiqbolli yo‘nalishlardagi rejalar qo‘llab-quvvatlangan.
Texnika yo‘nalishidagi qo‘shma oliygohlar negizida iqtisodiyotning muhim tarmoqlari uchun muhandis kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, uchrashuvda Rossiya hududlari va kompaniyalari rahbarlari O‘zbekiston yetakchisiga turli tarmoqlarda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalarini taqdimot qilgan.
Eslatib o‘tamiz, bir necha kun oldin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgandi.
Live
Barchasi