Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinni tabrikladi
Jamiyat
−
12:22 1452 2 daqiqa
Bugun, 15 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga tavallud kuni munosabati bilan tabrik maktubi yo‘lladi.
Davlat rahbari o‘z tabrigida Si Szinpinni Xitoy Xalq Respublikasi va Xitoy Kommunistik partiyasining yirik siyosiy arbobi sifatida e’tirof etib, uning Xitoy va xalq manfaatlariga sadoqat bilan xizmat qilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, Si Szinpinning strategik fikrlashi va oqilona rahbarligi tufayli Xitoy modernizatsiyasi izchil davom etayotgani, millatning buyuk tiklanishi va taraqqiyotiga qaratilgan siyosati mamlakat tarixida muhim o‘rin tutayotgani qayd etildi.
Tabrik maktubida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilganiga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda Xitoy va shaxsan Si Szinpinning doimiy qo‘llab-quvvatlovi hamda amaliy ko‘magi muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, o‘tgan yillar davomida iqtisodiyot, savdo, investitsiya va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik mexanizmlari shakllangani, “Bir makon — bir yo‘l” tashabbusi doirasida qator yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilgani qayd etildi.
Davlat rahbari oliy darajadagi muloqotlar va erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish orqali O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yuqori sifat bosqichiga olib chiqish mumkinligiga ishonch bildirdi.
Maktub so‘nggida Prezident Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, Xitoy xalqiga esa tinchlik, farovonlik va barqaror taraqqiyot tiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampga tavallud kuni – yubiley ayyomi munosabati bilan tabrik yo‘llagan edi.
Live
Barchasi