Shavkat Mirziyoyevning qarindoshi 20 dan ortiq fashistni yo‘q qilgan – TASS
Jamiyat
−
08 may 10343 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning amakivachchasi, Sovet Ittifoqi qahramoni O‘rinbek Yoqubov Oder daryosini kesib o‘tish chog‘ida 20 dan ortiq askar va ofitserni yo‘q qilgan hamda vermaxtning 7 ta kontrhujumini qaytarishda yordam bergan. Bu haqda TASS tanishgan arxiv hujjatlarida keltirilgan.
Qayd etilishicha, Yoqubov 31-o‘qchi diviziyasi 248-o‘qchi polki minomyotchilar rotasi hisobi komandiri bo‘lgan. 1944 yil fevral oyida Dnepr daryosini kesib o‘tishda minomyot yordamida uch kun davomida 15 ta kontrhujumini qaytargani uchun Sovet Ittifoqi qahramoni unvonini olgan.

1945 yilning aprelida Yoqubov Qizil Yulduz ordeni bilan taqdirlangan. Orden berish haqidagi mukofot varaqasida shunday deyiladi:
“1945 yil 24 yanvarda Shteyne qishlog‘idan g‘arbda Oder daryosini kesib o‘tish paytida o‘rtoq Yoqubov o‘z minomyotlari bilan o‘qchilarni qo‘llab-quvvatlab, ularga daryoni muz ustidan kesib o‘tish va platsdarmni egallashga yordam berdi. O‘qchilar ortidan minomyotlarini g‘arbiy qirg‘oqqa o‘tkazgan Yoqubov ikki kun davomida piyodalarga dushmanning 7 ta shiddatli kontrhujumini qaytarishda yordam berdi. Ushbu janglarda u minomyot olovi bilan dushmanning 2 ta o‘t ochish nuqtasini hamda 20 dan ortiq askar va ofitserini yo‘q qildi”.
Shuningdek, O‘rinbek Yoqubov “Jasorat” va “Kavkaz mudofaasi uchun” medallari bilan ham taqdirlangan.

Ma’lumot uchun, vermaxt – 1935-1945 yillarda natsistlar Germaniyasining rasmiy qurolli kuchlari nomi bo‘lgan. U 1935 yilda Reyxsverning o‘rniga tashkil etilgan va Ikkinchi jahon urushida Germaniyaning asosiy harbiy kuchi sifatida harakat qilgan. 1945 yilda Germaniya mag‘lubiyatga uchragach, ittifoqchilar tomonidan tarqatib yuborilgan.
Live
Barchasi