“Murdalar gapirmaydi”. Yangi kriminal badiiy film suratga olinishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning “Murdalar gapirmaydi” qissasi asosida yangi kriminal badiiy film suratga olinishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda bugun, 13 fevral kuni O‘zbekiston xalq artisti – Toshkent shahar IIBB huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Yodgor Sa’diyev Toshkent shahar IIBB Kinologiya markazida o‘tkazilgan press-tur doirasida QALAMPIR.UZga ma’lum qildi.

Tadbir avvalida ishtirokchilar jinoyatlarning oldini olish va ularni fosh etishga o‘rgatilgan xizmat itlari faoliyati bilan tanishdi. Ma’lum qilinishicha, markazdagi maxsus zotli itlar qariyb to‘rt oy davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tkaziladi. Ularning xizmat jarayoni Jamoatchilik kengashi a’zolari tomonidan ko‘zdan kechirildi. Shundan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida savol-javob o‘tkazildi.

Muloqot davomida QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov tomonidan “Shaytanat” kabi yana bir kriminal badiiy film yaratish taklifi ilgari surildi. Yodgor Sa’diyev bu yaxshi taklif ekanligini, bundan bir necha yil ilgari Tohir Malikning “Murdalar gapirmaydi” asari asosida film ishlash g‘oyasi bir boshlanganini, ammo turli sabablarga ko‘ra jarayon amalga oshmay to‘xtab qolganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, mazkur taklif loyihani qayta tiklash va suratga olish ishlarini davom ettirish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, Yodgor Sa’diyev IIO xodimlari vatan qalqoni ekanini qayd etib, zarurat tug‘ilsa, xizmat itlari faoliyati haqida ham alohida badiiy film yaratish mumkinligini bildirdi.

Ma’lumot o‘rnida, “Shaytanat” janr jihatidan avvalo kriminal drama, shu bilan birga unda detektiv va qisman triller uslubda ishlangan. Bu serial O‘zbekistonda 1990 yillar boshidagi jinoiy muhit, mafiya tuzilmalari, korrupsiya va hokimiyat uchun kurashni tasvirlaydi. Asar Tohir Malikning shu nomli romani asosida suratga olingan bo‘lib, u o‘z davrida katta ijtimoiy rezonansga sabab bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Yodgor Sa'diev “Shaytanat Murdalar gapirmaydi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing