Sherali Jo‘rayevning qabri ochiladimi?

Madaniyat-san’at

Bir necha kundan beri ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Botir Qodirov marhum Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li ekanini aytib, otalikni belgilash bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritgani keng muhokama qilinmoqda. Sherali Jo‘rayevning ukasi Halimjon Nurmatov QALAMPIR.UZ bilan suhbatda "Botir Qodirov bizning urug‘dan emas", deyishiga qaramay xonanda unda barcha dalillar borligi va ularni sudga taqdim etishini aytmoqda. 

Advokat Mavluda To‘rayeva esa QALAMPIR.UZ'ga bergan intervyusida otalikni belgilash masalasidagi sud majlisi qanday tartibda bo‘lib o‘tishini tushuntirdi. Advokatning aytishicha, har bir fuqaro o‘z huquqini sud orqali himoya qilishga haqli va Botir Qodirov ham otalikni belgilash masalasida sudga murojaat qilish huquqidan foydalangan. Jumladan, Sherali Jo‘rayev vafot etgani sababli otalikni to‘g‘ridan to‘g‘ri aniqlashning imkoni yo‘q. Demak, bu vaziyatda ish sud orqali hal etiladi. Shuningdek, sud majlisida taqdim etilgan barcha dalillar inobatga olinadi. Masalan, qarindoshlar bilan tushilgan fotosurat, ota-bolaligini isbotlovchi ma’lumot, video, audio yozuvlar, yozishmalar, qarindoshlarning ko‘rsatmalari ham shular qatoriga kiradi.

Botir Qodirov QALAMPIR.UZ bilan suhbatda uning qo‘lida amakisi bilan o‘tkazilgan DNK natijasi borligini va uning xulosasiga ko‘ra, ularning amaki-jiyan ekanligi tasdiqlanganini aytib o‘tgandi. Advokatning bildirishicha, tomonlardan birining sudga taqdim qilayotgan DNK xulosasi ko‘p hollarda yetarli bo‘ladi. Ammo agar sud lozim topsa, uning amakisidan ham yaqinroq bo‘lgan kishilar, ya’ni, Sherali Jo‘rayevning ikki o‘g‘li – Shohjahon va Zohirshoh Jo‘rayev, marhumning aka-uka yoki opa-singlisi bilan qon-qarindoshlikni aniqlash uchun qaytadan tekshiruv o‘tkazilishi mumkin.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: agar Shohjahon va Zohirshoh Jo‘rayevlar DNK tekshiruvidan o‘tishdan bosh tortsa, marhumning qabri ochilishi mumkinmi? Advokatga ko‘ra, sud aynan otalik faktini belgilash uchun marhumning qabrini ochishga ruxsat bermaydi. Negaki, bu murdani tahqirlash hisoblanadi. Ushbu holatda yuqorida taqdim etilgan dalillarning o‘zi yetarli hisoblanadi.

Avvalroq, Sherali Jo‘rayevning birinchi qonuniy turmush o‘rtog‘i Xursand aya Toshpo‘latova ham 28 aprel kuni QALAMPIR.UZ'ga Botir Qodirov Sherali Jo‘rayevning haqiqiy o‘g‘li ekanini aytgandi.

Botir Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, bolaligida otasi uni Xursand ayaning oldiga olib borgan va uning o‘g‘li ekanini aytib, tanishtirgan. Xursand aya ham bu gaplarni tasdiqladi.

Ushbu mavzu odamlar o‘rtasida muhokama qilinib, OAVlari orqali turli ma’lumotlar e’lon qilinganidan so‘ng Sudyalar oliy kengashi ushbu vaziyat sud ishiga xalal berayotganini ma’lum qildi. Murojaatda odamlarning suddan avval xulosa chiqarmasligi so‘ralgan. 

"Tarmoqlardagi muhokamalarda hali yakuniga yetmagan ish bo‘yicha turli bashoratlar qilish, suddan avval "qaror chiqarib qo‘yish" holatlari mavjud , eng yomoni, nizo sudda xolis va beg‘araz ko‘rilishiga asossiz shubhalar ham bildirilmoqda. Bularning hammasi sudga nisbatan ijtimoiy bosim paydo qilyapti", deyiladi xabarda.

Sudyalar oliy kengashi taraflarni turli shakl va ko‘rinishda bayonot berishdan tiyilishga, jurnalist va blogerlarni esa shaxsga oid ma’lumotlar hamda sud ishiga doir axborotlarni tarqatishdek nozik va hassos masalaga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirgan. 

Ushbu sud majlisi 2 may kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudida bo‘lib o‘tishi belgilangan. Unda da’vogar Botir Qodirov va javobgar Sherali Jo‘rayevning kenja o‘g‘li Zohirshoh Jo‘rayevlar ishtirok etadi. 

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, agar Botir Qodirov haqiqatdan ham marhum san’atkor Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li ekani tasdiqlansa, boshqa farzandlari kabi merosga ega bo‘lishi va marhumning ham moddiy, ham ma’naviy merosiga egalik qilishi mumkin.

Qolaversa, Botir Qodirov Shohjahon Jo‘rayevning ijtimoiy tarmoqlarda Qodirovning onasi haqida post qoldirganidan keyin onasining sha’ni, or-nomusi va o‘zining qadr-qimmatini himoya qilish maqsadida otalik faktini belgilash uchun da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilgani haqida aytgandi.

QALAMPIR.UZ bilan suhbatda bo‘lgan advokatning qo‘shimcha qilishicha, Qodirov chindan ham Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li ekani tasdiqlansa, Shohjahon Jo‘rayev mazkur holat bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Sherali Jo'raev Botir Qodirov Zohirshoh Jo'raev Halimjon Nurmatov Sherali

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made