Shoxi shaytonnikiga o‘xshash asalari kashf etildi

Olam

image

Avstraliyalik tadqiqotchilar o‘ziga xos kichik shoxlari bo‘lgan yangi mahalliy asalari turini kashf etdi va unga mos ravishda Megachile Lucifer nomini berdi. Bu haqdagi tadqiqot “Journal of Hymenoptera Research” jurnalida e’lon qilindi.

Tadqiqotchilar Megachile Lucifer turini g‘arbiy Avstraliyaning Goldfilds mintaqasidagi Bremer tizmasida, juda kam uchraydigan yovvoyi gulni kuzatish vaqtida topgan. Ushbu hudud Pert shahridan 470 km sharqda joylashgan.

Qayd etilishicha, ajralib turadigan katta shoxlar faqat urg‘ochi asalari turida uchraydi. Bu shoxlar himoya qilish, chang yoki nektar yig‘ish yoki uya uchun qatron singari materiallarni to‘plashga xizmat qilishi mumkin.

Tadqiqot boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, u yangi turga nom tanlayotganda Netflix’dagi “Lyutsifer” serialini ko‘rayotgan bo‘lgan, shuning uchun nom juda mos tushgan. Unga ko‘ra, bu guruhga mansub asalarilar ichida so‘nggi 20 yilda ilk marotaba yangi tur aniqlangan.

“Urg‘ochisining yuzida juda g‘aroyib kichik shoxlar bor edi. Tavsifni yozayotganimda serialni ko‘rayotgandim va nom juda o‘rnida bo‘ldi. Men o‘zim ham Lyutsifer qahramonining ishqiboziman”, deydi Kyortin universitetidan doktor Kit Prendergast.

“Lucifer” lotin tilida “yorug‘lik olib keluvchi”, degan ma’noni anglatadi. Olimning fikricha, bu nom mahalliy asalarilarni muhofaza qilish va yo‘qolib borayotgan o‘simliklarning changlanishini yaxshiroq tushunish zarurligiga e’tibor qaratish uchun ham tanlangan.

Olimlarning aytishicha, yangi asalari va kamyob gullar bir joyda uchragani uchun ularning yashash muhiti buzilishi yoki iqlim o‘zgarishi kabi jarayonlardan zarar ko‘rish xavfi mavjud. Bundan tashqari, ko‘plab kon kompaniyalari atrof-muhitga ta’sirini baholaganda mahalliy asalarilarni hisobga olmaydi.

“Natijada biz hali kashf etilmagan turlarni yo‘qotib qo‘yishimiz mumkin. Ba’zilari esa yo‘qolib ketayotgan o‘simliklar va ekotizimni asrashda muhim rol o‘ynaydi. Qaysi turdagi asalarilar mavjudligini va ular qaysi o‘simlikka bog‘liqligini bilmasak, ularni tanimay turib yo‘qotib qo‘yishimiz mumkin”, deydi Prendergast.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Genrix Gayne nomidagi universiteti olimlari asalarilar qanday qilib ma’lumotni “meros” sifatida yetkazib, ayrim asalarilarga to‘g‘ridan to‘g‘ri uyadagi hayotga moslashish va uning jamoaviy faoliyatini ta’minlash imkonini berishini aniqlagan edi.

Mohichehra Qadamova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

asalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar