Shveysariya Bosniyani yirik hisobda mag‘lub etdi

Sport

image

Bugun, 19 iyun kuni 2026 yilgi Jahon chempionatining “B” guruhida Shveysariya hamda Bosniya va Gersegovina terma jamoalari o‘rtasidagi 2-tur uchrashuvi yakunlandi. AQSHning Inglvud shahridagi “Sou-Fay” stadionida bo‘lib o‘tgan bahsda shveysariyaliklar 4:1 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi.

Uchrashuvning asosiy voqealari so‘nggi daqiqalarga to‘g‘ri keldi. Hisob 74-daqiqada Shveysariya hujumchisi Yoxan Manzambi tomonidan ochildi. Oradan olti daqiqa o‘tib, bosniyalik himoyachi Tarik Muxaremovich qizil kartochka olib, maydonni tark etdi.

Bir kishi kam bo‘lib qolgan raqibdan foydalangan shveysariyaliklar 84-daqiqada Ruben Vargasning goli orqali ustunlikni mustahkamladi. 90-daqiqada esa Manzambi dubl muallifiga aylandi. Bosniya va Gersegovina 90+3-daqiqada Ermin Maxmichning goli bilan hisobni qisqartirgan bo‘lsa, 90+7-daqiqada Granit Jaka penaltini aniq amalga oshirib, o‘yinga nuqta qo‘ydi 4:1.

Ushbu g‘alabadan keyin Shveysariya terma jamoasi ochkolarini to‘rttaga yetkazib, “B” guruhida birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Bir ochkoga ega Bosniya va Gersegovina uchinchi pog‘onadan joy olgan. Kanada va Qatar terma jamoalari ham bir ochkodan jamg‘argan bo‘lib, mos ravishda ikkinchi va to‘rtinchi o‘rinlarda bormoqda.

Endilikda guruh bosqichining so‘nggi turida Bosniya va Gersegovina Qatarga qarshi maydonga tushadi. Shveysariya esa Kanada bilan kuch sinashadi. Har ikki uchrashuv 24 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon chempionati Shveytsariya Bosniya va Gertsegovina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing