Sobiq prezidentning qarindoshlari to‘nab ketildi, o‘zi esa Rossiyadan dang‘illama uy oldi, Atamboyevning o‘g‘li hibsga olindi – Turkiy dayjest

Tahlil

Kreml tomonidan berilgan Rossiyadagi hashamatli uylardan biri sobiq prezidentga nasib etdi. Ammo o‘z vatanida uning qarindoshlariga tegishli uy to‘nab ketildi. Qirg‘izistonda saylovdan keyin davlat to‘ntarishi o‘tkazmoqchi degan vaj bilan qator muxolifat vakillari, jumladan oldingi davlat rahbarining og‘li ham hibsga olindi. Pedofilga yordam berishga uringa sudyalar ushlandi. Hafta ancha qiziq voqealarga boy o‘tdi. Bugun ularga batafsil to‘xtalamiz.

Nazarboyev Moskvadagi hashamatli mahallada maxfiy dachani ijaraga oldi

“Proyekt” surishtiruv nashri Rossiya Federal qo‘riqlash xizmati Moskvadagi Chumchuq tepaliklarida joylashgan hashamatli dachalarni yuqori martabali siyosiy arboblar va hukumat bilan bog‘liq biznesmenlarga ijaraga berayotgani haqida xabar chop etdi.

Gap 1950 yillarda Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi a’zolari uchun qurilgan yopiq posyolka haqida bormoqda.

2015 yilda Federal qo‘riqlash xizmati qasrlarni qayta ta’mirlagan va faqat Nikita Xrushchevning sobiq qarorgohini saqlab qolgan. O‘sha paytda qarorgohda milliarder va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning do‘sti Gennadiy Timchenko yashab kelgan.

Shundan so‘ng, xavfsizlik xizmati binolardan o‘z ehtiyojlari uchun foydalanishni to‘xtatdi va ularni davlat xavfsizligi bilan maxfiy kelishuv asosida yuqori lavozimli amaldorlar va ishbilarmonlarga ijaraga berishni boshladi.

Jurnalistik surishtiruvda aniqlanganidek, qasrni faqat siyosiy homiylik bilan ijaraga olish mumkin edi. Ijara narxi oyiga 3,1 mln rublni tashkil etadi.

Nashrga ko‘ra, to‘rtta asosiy guruh hashamatli uylarni qo‘lga kiritgan:

Birinchi guruhda Putin davridagi hukumat amaldorlari – sobiq Mudofaa vaziri Sergey Shoygu, Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov bor.

Keyingi guruhda esa Davlat bilan aloqalari tufayli gullab-yashnagan taniqli biznesmenlar – Roman Abramovich va Gennadiy Timchenko o‘rin olgan.

Kreml bilan aloqalari bo‘lgan madaniyat va sportning taniqli namoyandalari (masalan, xokkeychi Aleksandr Ovechkin va aktyor Oleg Gazmanov) esa uchinchi guruhda.

Qolganlari esa Shubhali shaxslar, “mafiyalar” va ularning qarindoshlaridan iborat.

Uylardan biri Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevga tegishli edi. U Michurinsk prospektida joylashgan.

Ijarachilar dachalarda doimiy yashamaydi, balki vaqti-vaqti bilan tashrif buyurishadi. Manbalarga ko‘ra, bu uylarda yashash qulaylik emas, balki rasmiylarga yaqinlik ko‘rsatkichi sifatida qabul qilinadi.

Birinchi prezidentning qarindoshlarini to‘nab ketishdi

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning ukasi, marhum Bolat Nazarboyevning qarindoshlariga tegishli uy o‘marib ketilgani aytilmoqda.

2025 yilning 14 noyabr kuni Qozog‘istonning Olmaota viloyatidagi Kargali qishlog‘ida ko‘plab politsiya mashinalari to‘planishi aholining e’tiborini tortgan. Mahalliy aholi bu uy birinchi prezident Nursulton Nazarboyevning ukasi, marhum Bolat Nazarboyevning qarindoshlariga tegishli bo‘lganini aytgan.

Viloyat politsiya boshqarmasiga ko‘ra, qishloq aholisi tunda qiymatli narsalar o‘g‘irlanganini bildirgan. Voqea joyiga tergov-operativ guruh va mahalliy politsiya inspektorlari yetib borgan.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirgi paytda gumonlanuvchilarni aniqlash va ushlash uchun barcha zarur tergov harakatlari olib borilmoqda.

Gumondorlarni topish uchun barcha xodimlar jalb qilingan va yo‘riqnomalar yaqin hududlarga yuborilgan. Shu bilan birga, o‘g‘rilik sodir bo‘lgan uyning aynan kimga tegishli ekani aniqlanmagan.

Bolat Nazarboyev agrar va investitsion biznes sohasida faoliyat yuritgan ishbilarmon bo‘lib, xayriya ishlari bilan ham tanilgan. U “Saliqali urpaq” jamoat fondini tashkil qilgan va mamlakatdagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, agrar loyihalarni rivojlantirishga hissa qo‘shgan. Bolat Nazarboyev 2023 yil 13 noyabrda vafot etgan. U Qozog‘istonda biznes va xayriya faoliyati orqali tanilgan.

Pedofilning hukmini yengillatish uchun sudyalar pora oldi

Pedofil bir qizni zo‘rlab, yetmaganiga uni urib o‘ldirsa-yu, huquq himoyachilari uning qotiliga yengil jazo berish uchun qonunlarga ko‘z yumib, undan pora olsa, bunday jamiyatda pedofilik davom  etaveradi. Odamlarning qonunlarga ishonchsizligi ortgandan ortaveradi.

Sentyabrning oxirida qo‘shni Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyati Yetti-O‘g‘uz tumani, Barskaun qishlog‘ida yashovchi 17 yoshli Oysuluv ismli qiz zo‘rlab, keyin o‘ldirib ketilgani esingizda bo‘lsa kerak?! Bu bo‘yicha video ham tayyorlagan edik.

Holat yuzasidan ochilgan jinoyat ishi doirasida qizning qotiliga hukmni o‘zgartirish uchun sobiq sudyalar pora olgani fosh bo‘ldi. Bishkek shahar sudining uch sobiq sudyasi ustidan o‘tkazilgan tergov jarayonida ular sudlanuvchi Qumarbek Abdirovning advokati orqali pedofilning qamoq jazosini kamaytirish uchun 10 ming dollar pora olgani aniqlangan.

Sudyalar kengashi Bosh prokuror Maqsad Asanaliyev kiritgan iltimosnomani qanoatlantirib, sobiq sudyalar Saniya Branchayeva, Janil Mambetali va Kaysin Abakirovlarni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berdi. Ularga nisbatan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan ayblov qo‘yilgan.

Marhum Oysuluvning o‘limi yuzasidan davom etayotgan tergov jarayonlarini shaxsan nazoratiga olgan Prezident Japarov mamlakatda o‘lim jazosini tiklash taklifini bergandi. Qirg‘iziston Ombudsmani Jamila Jamanboyeva esa uning taklifiga qarshi chiqdi va o‘lim jazosini tiklash tashabbusini qo‘llab-quvvatlamasligini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yilda Ombudsman instituti o‘lim jazosini qaytarish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bir guruh parlament a’zolari Konstitutsiyaviy sudga o‘lim jazosini taqiqlashni qayta ko‘rib chiqish uchun murojaat qilganida bildirgan.

Jamanboyevaning ta’kidlashicha, “Aqikatchi” institutining pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolmoqda: o‘lim jazosini qayta tiklash Qirg‘izistonning xalqaro majburiyatlariga, xususan, mamlakat 2010 yilda ratifikatsiya qilgan o‘lim jazosini bekor qilishga qaratilgan Ikkinchi fakultativ protokol qoidalariga ziddir.

BMT vakillari ham uning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Ular o‘lim jazosining tiklanishi nafaqat mamlakatning xalqaro majburiyatlariga zid ekani, balki inson huquqlarini himoya qilish tarafdori bo‘lgan davlat sifatidagi xalqaro obro‘siga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlagan.

Sobiq prezidentning o‘g‘li hibsga olindi

Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari  22 noyabr kuni ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rishda gumon qilib katta tozalash o‘tkazdi, bir necha kishini so‘roqqa olib ketildi, ba’zilar hibsga olindi.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ular Jogorku Keneshga saylovlardan keyin ommaviy tartibsizliklar tayyorlayotgan buzg‘unchi guruhning bir qismi bo‘lgan. Saylov 30 noyabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, guruh tarkibiga siyosiy arboblar, sobiq deputatlar, sobiq davlat xizmatchilari va huquq-tartibot idoralari xodimlari kirgan bo‘lib, ular o‘z tarafdorlarini, jumladan, uyushgan jinoiy guruhlar va sport jamoalari vakillarini jalb qilgan.

Qo‘lga olinganlar saylov natijalari e’lon qilinganidan keyin janubdan boshlab, keyin Bishkek va viloyatlarda ommaviy norozilik ko‘rinishini yaratib, butun mamlakat bo‘ylab bir qator mitinglar o‘tkazishni rejalashtirgan. Ularning rejalarida konstitutsiyaga zid chaqiriqlar, shuningdek, ma’muriy binolar, telekanallar, xavfsizlik kuchlari ob’ektlari, qurol-yarog‘lar va jazoni o‘tash muassasalarini tortib olish ehtimoli mavjud bo‘lgan.

“Guruh aniq iyerarxiyaga va belgilangan rollarga ega edi. “Muvofiqlashtiruvchi guruhlar” siyosiy talablar qo‘yishi, jinoiy tashkilotlar esa xavfsizlikni ta’minlashi kerak edi. Ayrim a’zolar kelajakdagi lavozimlarni oldindan belgilagan”, deyiladi hisobotda.

Hibsga olinganlar orasida siyosatchi Temirlan Sultonbekov, Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevning 32 yoshli o‘gli Qodir Atamboyev, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash davlat xizmatining sobiq rahbari Syimik Japikeev va boshqalar bor. Ularning uylarida tintuv o‘tkazilgan.

Sobiq deputatlar Kubanichbek Qodirov va Shaylobek Atazovlarning uylarida ham tintuvlar o‘tkazilgan. Qodirovga ko‘ra, bu ommaviy tartibsizliklar bilan bog‘liq. Sobiq prezident Almazbek Atamboyevning rafiqasi Raisa so‘roq qilinmoqda. Atamboyevning qizi Aliya Shagiyeva vaziyatni “siyosiy ta’qib, inson huquqlarining poymol qilinishi va so‘z erkinligining buzilishi” deya baholadi.

Hibsga olinganlarga Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi (ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rish) bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Ayblanuvchilar vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirildi.

Tintuv chog‘ida Ichki ishlar vazirligi tomonidan qurol-yarog‘, o‘q-dorilar, granatalar, aloqa vositalari, 150 ming AQSH dollari, ommaviy tartibsizliklarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi hujjatlar, chora-tadbirlar rejasi va giyohvandlik vositalari olib qo‘yildi.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha buzg‘unchi guruh faoliyatini moliyalashtirgan boshqa ishtirokchilar va shaxslarni aniqlash bo‘yicha qator tergov-tezkor tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Oldinroq Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev oila a’zolari Atamboyevlar oilasiga tegishli bo‘lgan Qo‘y-Toshdagi uyidan haydab chiqarilgandi. Shundan so‘ng, Atamboyevning o‘g‘li Qodir Atamboyev uyidan haydab chiqarilgani sababli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qilgandi.

Markaziy Osiyo va turkiy dunyodagi yetkazmoqchi bo‘lganlarimiz hozircha shular. Qolganini birgalikda kuzatamiz. Salomat bo‘ling.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing