Soliq mashmashasi, naqd pulga sotilmayotgan yoqilg‘ilar — Hafta tahlili
Tahlil
−
05 aprel 8388 12 daqiqa
“Krediti bor”, “qarzi ko‘p” san’atkorlar nolasi. Soliqqa tortilishidan kimlar norozi?
AYOQSHlarda naqd pul qabul qilinmaydi endi. Buning plyus va minuslari nimada?
Uy va mashina savdosida to‘lov banklardagi eskrou hisobvaraqlar orqali amalga oshiriladi. Bundan fuqarolar yutadimi yo…?
Podpolkovnik akasiga ishonib xodimni urgan mast haydovchi qamaldi. So‘nggi 7 kunlikdagi eng muhim voqealar sharhi bilan QALAMPIR.UZ’da hafta tahlili.
Qaysidir shifokor operatsiyadan oldin “Men odamlarni davolashdek juda mas’uliyatli ish bilan shug‘ullanyapman, kamiga kreditim bor, menga soliq solmanglar” deb chiqqanini ko‘rganmisiz? Yoki qaysidir o‘qituvchi doska oldida turib, “Men ma’naviyat ulashayapman, daromadim to‘liq o‘zimga qolsin”deb noliganini eshitganmisiz? Ular jamiyatning eng muhim mutaxassislari bo‘la turib, qonun oldida barchaga teng bo‘lgan majburiyatini indamaygina bajaryapti. Aslida shu ikki soha vakillari O‘zbekistonda eng kam o‘rtacha maosh oladigan kasb egalari hisoblanadi. Statistika agentligining 2025 yil bo‘yicha bergan ma’lumotlariga ko‘ra, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasi vakillarining o‘rtacha maoshi 3 mln 600 ming so‘m. Ularning 1 yillik pulini bir nechtagina to‘ydan topa oladi deb ko‘pchilik ishonadigan boshqa soha vakillarining gapini esa eshitdingiz.
O‘zbekistonda adolat tarozisi gohida juda g‘alati chayqaladi. Bir tomonda oyiga bir necha million so‘m maosh olib, undan 12 foiz daromad solig‘ini so‘zsiz to‘layotgan shifokor, o‘qituvchi yoki oddiy qorovul. Ikkinchi tomonda esa, birgina kechada o‘sha qorovulning bir yillik maoshini topadigan, ammo “krediti bor”, shusizam qiynalayotgan “yulduzlar”. Hafta davomida ijtimoiy tarmoqlarda ayrim san’atkorlarning soliqqa tortilishlariga nisbatan e’tirozlari go‘yoki xalq dardi kabi talqin qilindi. Keltirilgan vajlari esa hayratlanarli: "Qo‘shiqchilar xalqqa ma’naviyat beradi, ularda ham qarz ko‘p".
Oldindan qat’iy ta’kidlaymiz: QALAMPIR.UZ tahririyatining videoda ko‘rsatiladigan xonandalarga nisbatan hech qanday adovati va yoki qasdi yo‘q. Bildiriladigan fikrlar faqatgina ijodkorlarning soliq to‘lash borasida aytgan gaplari uchun bo‘ladi.
Qo‘shiqchilarning qarzi bo‘lishi va yoki to‘yi kam bo‘lishi ularni hech qachon soliqdan ozod qilib qo‘ya olmaydi. Chunki kredit bugun istalgan kasb egasida bor bo‘lishi mumkin va ular ham “voy, buning qarzlari bor ekan” deb ozod qilinmagan biron marta. Minib yurgan yaltiroq mashinasi yoki kiyimlari ham majburiy qilib belgilanmagan. Hech bir davlat organi yoki fuqarolar “San’atkorlar katta mashinada kelmasa yoki yaltiroq kostyum va ko‘ylak kiymasa to‘yga aytmaymiz” deb boykot ham e’lon qilmagan. Qarzga mashina yoki kiyim olish har bir insonning shaxsiy tanlovi. Bu bilan hamma birdek amal qiladigan tizimni o‘zgartirishni so‘rash qanchalik adolatli o‘zi? Yana bir ijodiy jihatdan isbot talab qilmaydigan haqiqatni o‘rtaga tashlash mumkin: yaxshi ijod qilayotgan xonanda to‘ysiz qolib ketmayapti. Har kuni jamoasi bilan band ular. Yana to‘lanadigan soliqning eng pasti 103 ming so‘m, eng balandi esa 1 mln 236 ming so‘m. Miqdor nimaga qarab belgilanishini esa hozir tushuntiraman.
Prezident qarori bilan 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab ijrochilar va ijodiy jamoalarning ijodiy faoliyati bilan bog‘liq barcha xizmatlari soliq organlarining “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatga olinishi shart etib belgilandi.
Ijrochilar 2026 yil 1 sentyabrdan 2029 yil 1 yanvarga qadar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashni “bir xizmat – bir to‘lov” tamoyili asosida ilovaga muvofiq qat’iy miqdorlarda amalga oshiradi. Mehnat shartnomasi asosida mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq ijodiy faoliyat olib borayotgan ijrochilar bundan mustasno. To‘lanadigan soliq miqdori ko‘pchilik ta’biri bilan aytganda, o‘ldiradigan darajada katta emas. U san’atkorning reytingi va xizmat ko‘rsatilgan hududga bog‘liq bo‘lib, bazaviy hisoblash miqdori (BHM) bilan o‘lchanadi. U 412 ming so‘m etib belgilangan. Ijrochilar 3 guruhga toifa bo‘yicha ajratiladi.
Ya’ni, reytingi eng baland xonanda poytaxtda xizmat qilsa 1 mln 236 ming so‘m, Nukus shahri va boshqa viloyatlar markazlarida kuylasa 816 ming so‘m, boshqa shahar va qishloqlardagi to‘y xizmati uchun esa 412 ming so‘m soliq to‘laydi.
Oradan bir oz vaqt o‘tgach, ko‘pchilik kutgan deb ta’riflash mumkin bo‘lgan munosabat ham bildirildi. O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova anchagina keskin fikrlarini konserti oldidan o‘tkazilgan jurnalistlar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi. U kim xohlasa o‘sha san’atkorlarga osilaverishi, ayrim rahbarlar xato ma’lumot tarqatishi haqida gapirdi.
Usmonova gapi davomida san’atkorlar qimmatbaho kiyimda yurishi ayb emasligi, haqiqiy isrofgarchilik ayrim amaldorlar oilasida kuzatilishini ham qistirib o‘tgan.
Ha, mana shunaqa gaplar. Yuqorida to‘lanishi mumkin bo‘lgan eng baland soliq miqdorini aytgandik. Esingizda-a? Shu majburiyat atrofida shuncha gap! Ammo doim tanganing ikkinchi tomoni bo‘ladi. Xonanda to‘yga borsa, u yolg‘iz bormaydi. Orqasida kamida 10 kishilik jamoasi bor: sozandalar, ma’murlar, haydovchilar. Agar soliq “bir xizmat – bir to‘lov” tamoyilida olinadigan bo‘lsa, u qaysi summadan hisoblanadi?
San’atkor oladigan umumiy gonorardami yoki hamma xarajatlar chiqarilib, uning cho‘ntagida qoladigan sof foydadanmi? Qaysi xonanda nechta to‘yga borgani qanday hisoblanadi? Har bir to‘yxonada maxsus vakil turib hisob-kitob qiladimi yoki “vijdoningizga havola” deb qo‘shiqchilarning o‘zidan aniqlik so‘raladimi?
Eng qizig‘i, xonandaning atrofida butun bir “iqtisodiy zanjir” aylanadi. She’r yozgan shoir, kuy bastalagan bastakor, klip olgan rejissyor, unda rol o‘ynagan aktyor va aktrisa, kiyim tikkan chevar, pardoz bergan grimchi... Bularning barchasi xizmat haqi uchun xonandadan naqd pul oladi. Xo‘sh, bu zanjir vakillari ham soliqqa tortiladimi yoki barcha yuk faqat mikrofon tutgan odamning yelkasiga tushaveradimi?
Yana bir muhim nuqta: davlat tadbirlari. San’atkorlar bayramlarda, konsertlarda chiqish qilishadi. Ularning gonorari qancha, umuman haq to‘lanadimi yoki yo‘q — bu yopiq qozon. Har holda hali biron marta bu kabi tadbirlarda kim qancha olganini ko‘rsatadigan aniq hujjatga ko‘zimiz tushmagan. Oddiy misol, ortda qolgan mart oyida 2 ta yirik tadbir bo‘ldi. 8 mart va 21 mart kunlari. Tabiiyki, katta masshtabdagi chiqishlarga bir necha haftalab repetitsiyalar bo‘lgan. Xonandalar bu muddat orasida to‘y va boshqa xizmatlarni chetga surishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lishi mumkin. Agar davlat san’atkordan bozor narxida soliq talab qilsa, san’atkor ham davlat tadbirlariga bozor narxida “stavka” qo‘yishga haqli bo‘lib qolmaydimi? Yoki u tadbir kuni beriladigan gonorardan 10 baravar ko‘proq summaga to‘y taklif qilishgan deb, uyoqqa ketib qolsa dushman sifatida ko‘rilmaydimi?
To‘g‘ri, gap mamlakat miqyosidagi 1-raqamli tadbir haqida ketyapti, bu ham faxr, ham darajani ko‘rsatadigan sahna. Ammo pul...
Yana bir mantiqiy paradoks bor: butun dunyoda radio va telekanallar yulduzlarning qo‘shig‘ini qo‘ygani uchun ijrochiga pul to‘laydi. Chunki odamlar radio va TVni aynan o‘sha yulduzning ovozi va yuzi uchun tinglashi hamda ko‘rishi tabiiy. Bizda-chi? Bizda xonanda o‘z klipi efirga chiqishi uchun TVga, qo‘shig‘i aylanishi uchun radioga pul qistiradi. Yoki OAV manbalari istagan qo‘shig‘ini xohlagan paytida berib, muallifga pul to‘lamaydi. Mualliflik huquqi degan tushuncha faqat qog‘ozda bo‘lsa, tizim ijrochining haqini himoya qilmasa, undan “to‘ydagi xizmati uchun” soliq so‘rashga qanchalik ma’naviy haqqi bor?
Qo‘shiqchilik faoliyatini olib borishga ruxsat olish uchun litsenziyaga alohida to‘lov, konsert berish uchun alohida yig‘imga to‘lov... Endi yana soliq...
Keling, litsenziya masalasini ham ko‘rib chiqamiz. O‘zbekistonda konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash bilan Madaniyat vazirligi huzuridagi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi shug‘ullanadi. Litsenziya olish uchun ijrochilar quyidagi 3 toifaga bo‘lingan:
1-toifa: Eng yuqori reytingli, respublika va xalqaro miqyosda tanilgan san’atkorlar.
2-toifa: O‘rtacha mashhurlikka ega ijrochilar.
3-toifa: Endi tanilayotgan yoki faqat ma’lum hududlarda xizmat qiladigan ijrochilar.
Litsenziyalash tizimi so‘nggi yillarda qog‘ozbozlikdan voz kechish va san’atkorlarni qo‘llab-quvvatlash tomonga o‘zgargani aytiladi. Oldin litsenziya olish uchun har bir qo‘shiq va klip maxsus badiiy kengashdan o‘tishi shart edi. 2017 yil 15 avgustdagi Prezident farmoni bilan “O‘zbeknavo” va “O‘zbekraqs” birlashtirilib, “O‘zbekkonsert” tashkil etildi. Litsenziya to‘lovlari miqdori qayta ko‘rib chiqildi va tartiblar soddalashtirildi.
O‘zbekistonda san’atkorlar uchun litsenziya to‘lovlari ijrochining reyting guruhiga (toifasiga) qarab belgilanadi. Bu summalar Bazaviy hisoblash miqdoriga (BHM) bog‘langan bo‘lib, hozirda 412 000 so‘m etib belgilangan.
1-toifa: yiliga 20 600 000 so‘m;
2-toifa: 10 300 000 so‘m;
3-toifa: 4 120 000 so‘m to‘laydi.
Litsenziya faqat qo‘shiqchilar uchun emas, balki sohadagi boshqa vakillar uchun ham majburiy (agar ular “O‘zini o‘zi band qilgan shaxs” sifatida emas, balki yuridik tartibda ishlasa). Musiqiy guruhlar xonandalar uchun belgilangan stavkaning 70 foizi miqdorida to‘laydi. Raqs guruhlari uchun to‘lov 2 060 000 so‘m. Boshlovchilarning to‘lovi Toshkent shahri uchun BHMning 10 baravari, ya’ni 4 120 000 so‘m etib belgilangan. Dijeylar esa 236 000 so‘m to‘laydi.
2020 yilda, pandemiya davrida san’atkorlar to‘ysiz qolgani sababli davlat ularga katta imtiyozlar berdi. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga san’atkorlar (sozandalar, xonandalar, rejissyorlar) ham kiritildi. Bu inqilobiy o‘zgarish edi, chunki san’atkor endi yillik litsenziya to‘lovi o‘rniga, yiliga bir marta ijtimoiy soliq to‘lab, ish stajiga ega bo‘lish imkonini oldi.
Hozirda ko‘plab sozandalar va kichik xonandalar yillik litsenziya bojidan qochish uchun “O‘zini o‘zi band qilgan shaxs” sifatida ro‘yxatdan o‘tishmoqda. Bunda san’atkor yillik to‘lov o‘rniga, yiliga bir marta 412 000 so‘m miqdorida ijtimoiy soliq to‘laydi. Ammo bu status bilan katta konsert saroylarida yirik tijoriy konsertlar berish cheklanishi mumkin.
Bu orada esa “soya”da dollarlarni sanab o‘tirganlar ham bor. Keling, san’atkorlarni qo‘yib turaylik-da, boshqa tomonga qaraylik. Ijtimoiy tarmoqlardagi “yangi zamon qahramonlari” — blogerlar orasida bitta reklamasi uchun 5000 dollargacha narx qo‘yadigan, bir oyda o‘nlab reklamalar joylaydiganlari bor. Ularning qaysi birida MCHJ yoki YATT faoliyati bo‘yicha guvohnoma bor? Ularning daromadi qaysi tizimda hisobga olinyapti? San’atkor har holda ko‘z oldimizda, litsenziyasi bor, “O‘zbekkonsert”ning nazoratida.
Blogerlar esa hech qanday litsenziyasiz, hech qanday nazoratsiz “soqqa”ni bosyapti-ku. Nega adolat tarozisi faqat to‘yxonaning eshigida turibdi-yu, Instagramning reels bo‘limiga kirmayapti?
Ha, qonun barcha uchun barobar bo‘lishi kerak — bunga shak-shubha yo‘q. Ammo tizim xolis bo‘lishi uchun avval sharoitni yaratib berishi shart. San’atkorning huquqi himoya qilinsa, davlat tadbirlaridagi xizmati qadrlansa, mualliflik asarlari uchun “tomib-tomib” daromad kelib tursa, ana shunda istalgancha gapirsa bo‘ladi. Aks holda, bu xuddi faqat mashhur bo‘lgani uchun san’atkorning cho‘ntagiga qo‘l solishdek ko‘rinaveradi.
Hafta davomida muhokama markaziga chiqqan yana bir vaziyat — bu avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida naqd pulda savdo qilishdan voz kechilganligi. Aslida 2026 yil 1 apreldan boshlab Prezident farmoniga asosan qator xizmatlar va mahsulotlar uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladigan bo‘ldi. Bular sirasiga davlat xizmatlari, kommunal to‘lovlar, alkogol va tamaki mahsulotlari, yoqilg‘i quyish va elektromobillarni zaryadlash xizmatlari, shuningdek, qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovarlar kiradi.
Bu qaror yashirin iqtisodiyotga chek qo‘yish maqsadida qabul qilindi. Ammo real vaziyat shuni ko‘rsatdiki, hali yechim berilishi kerak bo‘lgan jihatlar ko‘p. Birinchi navbatda, bu Konstitutsiyada mustahkamlangan “o‘zbek so‘mi Respublika hududida hamma to‘lovlar uchun o‘z qiymati bo‘yicha qabul qilinishi shart” degan qoidaga zid emasmi, degan savollar tug‘ilmoqda. Shuningdek, AYOQSHlarda banknomatlar yetishmasligi, bor joyda esa navbatlar va 1 foizdan 3 foizgacha bo‘lgan komissiyalar iste’molchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
To‘g‘ri, aynan kartada to‘lov qilish shart emas, QR-kod orqali ham masalani hal qilish mumkin.
Biroq katta yoshli avlodning hammasi ham ilovalardan foydalanishni bilmaydi. Bundan tashqari, internet tezligi past hududlarda haydovchi “yoqilg‘isiz” qolib ketishi xavfi ham yo‘q emas.
1 apreldan boshlab ko‘chmas mulk va 10 yildan oshmagan avtomobillar oldi-sotdisida eskrou hisobvaraqlari orqali hisob-kitob qilish tartibi kuchga kirdi. Xo‘sh, bu tizim nima va jarayon qanday bo‘ladi?
Eskrou — bu pulingizni bankda vaqtincha muzlatib qo‘yadigan “xavfsiz hamyon”. Jarayon 5 qadamdan iborat:
Hisob ochish: Bankda yoki mobil ilova orqali “Eskrou hisob”ochasiz.
Pulni kiritish: Kelishilgan summani shu hisobga qo‘yasiz va pul “muzlatiladi”.
Notarius tekshuruvi: Notarius pul bankda turganini ko‘rgachgina hujjatlarni rasmiylashtiradi.
Avtomatik to‘lov: Shartnoma imzolanishi bilan pul avtomatik tarzda sotuvchiga o‘tadi.
Pulni olish: Sotuvchi o‘z hisobiga tushgan pulni istalgan ko‘rinishda olishi mumkin.
Bu xizmat pullik: uy-joy uchun maksimal 206 000 so‘m, mashina uchun esa 103 000 so‘mgacha (davlat banklarida).
PPX xodimiga qo‘l ko‘targan mast haydovchining videosi ham voqelik nuqtai nazaridan 7 kunlik tahliliga kirishi shart edi. Gap IIO tizimidagi xodimning kaltaklanishidagina emas, bu ishni qilgan shaxs aynan shu tizim ichidagi, aloqador bo‘lganda ham oddiy emas podpolkovnik lavozimida ishlovchi xodimning ukasi ekanligida. Videodan anglash mumkinki, aka-uka bir mashinada ketayotgan bo‘lgan. Ya’ni ukasi mast holatda o‘tirganini aka juda katta ehtimol bilan bilgan. Biroq uni to‘xtatmagan degan xulosaga kelish mumkin.
Holat 30 mart kuni tunda Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi ko‘chalarning birida sodir bo‘lgan.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, xodimning yuziga zarba bergan shaxs bu voqeadan biroz avval boshqa bir avtomashina bilan to‘qnashib ketgan va uning haydovchisi bilan janjallashgan. Natijada u fuqaro 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, davlat raqam belgisiga ega bo‘lmagan Malibu haydovchisi “avariya” sodir etib, o‘ziga nisbatan qo‘pollik qilayotganini bildirgan.
Murojaatga asosan tezkorlik bilan voqea joyiga yetib borgan yo‘l-patrul xizmati xodimlari holatni rasmiylashtirish chog‘ida mast holatda mashina boshqargan Malibu haydovchisiga alkotester orqali tekshiruvdan o‘tishni taklif qilgan. Xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmagan haydovchi ularga faol qarshilik ko‘rsatib, musht tushirishgacha borgan.
Video davomida mast fuqaro qilar ishni qilib qo‘yib, akasiga bir necha marotaba umid ko‘zi bilan qaragani, podpolkovnik esa ukasining bu qilmishini qoralaganini ko‘rish mumkin.
Ukaning bu qilmishi akaga ham qimmatga tushdi. 3 aprel kuni podpolkovnik ishdan olindi. Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida o‘tkazilgan yig‘ilishda janjalli holat xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish va mansab mavqeidan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanish ehtimolini ko‘rsatuvchi salbiy holat sifatida baholangan.
Haydovchi esa protsessual tartibda ushlanib, unga nisbatan Yashnobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish), 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u hozir ham hibsda saqlanmoqda.
Ha, aroq beradigan kayf bir necha soatda o‘tib ketadi, ammo u olib keladigan tamg‘a bir umrga qolishi va atrofdagilarga ham zarar yetkazishi mumkin.
Tahlil davomida ko‘rsatilgan voqealar fonida xulosa shuki: adolat tarozisi faqat hamma uning pallasiga birdek tushgandagina to‘g‘ri ishlaydi. Soliq — bu xalq oldidagi qarz, qonunga bo‘ysunish — vatandoshlik burchidir.
Xulosa esa har doimgidek o‘zingizga havola. Zero, tahlil bizdan — qaror sizdan.
E’tiboringiz markazida Nurzodbek Vohidov bo‘ldi. Qalbingizda rahm-shafqat, amalingizda adolat bo‘lsin.
Live
BarchasiDehqonobod tumaniga sel keldi
23 aprel