SSV ogohlantirish bilan chiqdi
Jamiyat
−
08 avgust 16311 2 daqiqa
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni soxta tabiblarga aldanib qolishdan ogohlantirdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 150 ta tadbirkorlik sub’ekti tegishli litsenziya asosida xalq tabobati yo‘nalishida samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Biroq so‘nggi paytlarda tegishli huquqqa ega bo‘lmasdan, ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda kasalliklarga tashxis qo‘yish, ularni davolash bilan shug‘ullanayotgan hamda bu orqali insonlar sog‘lig‘i va hayotiga jiddiy xavf tug‘dirayotgan soxta tabiblar soni ko‘payib bormoqda.
“Eng yomoni xastaliklardan tez, oson, asoratsiz, muhimi tabiiy usul bilan va uy sharoitida xalos bo‘lishni istaganlar “g‘ayritabiiy qobiliyatlarga ega”ligini iddao qilayotgan, turli yo‘llar orqali odamlar ishonchiga kirib, hech qanday tasdiqlanmagan hamda tegishli sinovlardan o‘tmagan “xizmat”larni taklif etayotgan shaxslarga aldanib qolmoqda.
Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar bu kabi shubhali xizmatlarni keng targ‘ib qiluvchi platformaga aylanib borayotgani, ularning asosiy auditoriyasi ham, mijozlari ham og‘ir hayotiy ahvolga tushib qolgan fuqarolar bo‘layotgani afsuslanarli”, deyiladi SSV xabarida.
Shu sababli Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni ogohlantirib, ijtimoiy tarmoqlarda soxta tabiblik bilan shug‘ullanib, o‘zini reklama qilayotgan holatlar va qo‘llanilayotgan muolaja usullari dalillarga asoslangan tibbiyotning davolash uslublariga kirmasligini bildirgan.
Ta’kidlanishicha, bunday soxta usullar belgilangan diagnostika va davolash milliy klinik protokollari hamda standartlariga mutlaqo muvofiq emas. Qolaversa, yuqoridagi muolajalar bilan shug‘ullanayotgan shaxslarga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan faoliyat yuritishlari uchun hech qanday litsenziya berilmagan.
“Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqlardagi soxta tabiblardan ogoh bo‘ling! O‘zingiz, oila a’zolaringiz va yaqinlaringiz salomatligini xavf ostiga qo‘ymang!” deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, bugungi kunda soxta tabiblik faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi tomonidan muntazam ravishda o‘quv-seminarlar hamda profilaktik tadbirlar o‘tkazib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2024 yilda litsenziyasiz tibbiy faoliyat yuritgani uchun 38 ta yuridik shaxsning har biri bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida, joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra esa 24 ta yuridik shaxs moliyaviy jarimaga tortilgan.
Live
Barchasi