Sun’iy intellekt, til va ta’lim. Prezidentlarning Sloveniyadagi 18 yoshli tarjimoni
Intervyu
−
04 iyun 10165 3 daqiqa
O‘zbek qayerda yo‘q?! Amerika, Yevropadami, Afrika yoki Avstraliyada – xullas, dunyoning istalgan nuqtasida o‘zbekning izi bor. Ular faqat mehnat muhojiri emas, balki shifokor, tadbirkor, dasturchi va umuman, har qanday sohada muvaffaqiyat qozongan, peshqadam mutaxassislar sifatida ham e’tirof etilmoqda. Hattoki, Sloveniyada ham o‘zbek bolalari Prezidentlar bilan ularning tilida erkin muloqot qilib, o‘z loyihalarini ilgari surmoqda.
Bugungi qahramonimiz – shunday iqtidorli yoshlardan biri, 18 yoshli talaba Shahriyor Is’hoqov.
Shahriyor 2007 yilda Toshkent shahrida shifokorlar oilasida tug‘ilgan. 2024 yilda Sloveniyaning eng nufuzli va qadimiy oliy ta’lim muassasalaridan biri – Lyublyana universitetiga o‘qishga qabul qilingan. U sun’iy intellekt sohasida tahsil olmoqda va bir qator innovatsion loyihalar ustida ishlayapti.
O‘zbekistonda bo‘lgan paytida do‘sti Yusuf bilan ingliz tilida mamlakat madaniyati haqida videokontentlar tayyorlagan. Bu loyiha keyinchalik Yoshlar ishlari agentligi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va yangi g‘oyalar amalga oshishiga turtki bergan.
IELTS imtihonida 7, SAT testida esa 1350 ball to‘plagan qahramonimiz nima uchun aynan Sloveniyani tanlagani haqida shunday deydi:
“Menga sun’iy intellekt va kompyuter texnologiyalari juda qiziq. Buvam Sloveniyani tavsiya qilgan edilar, chunki bu mamlakat Yevropada aynan shu sohada kuchli o‘ntalikka kiradi. Keyinchalik, Lyublyana universitetidagi professorlar bilan suhbatlashib, aynan shu yo‘lni tanladim”.
Shahriyorning aytishicha, universitetda ko‘plab sun’iy intellekt laboratoriyalari mavjud bo‘lib, ularda qator amaliy loyihalar olib boriladi. Masalan, sun’iy intellekt yordamida sloven tilini o‘rgatish yoki bolalarda Alsgeymer kasalligini aniqlash kabi ishlar shular jumlasidandir. U kelajakda O‘zbekistonda ham shunday laboratoriyalar tashkil qilishni rejalashtirmoqda:
“Menimcha, sun’iy intellektning kelajagi juda katta, chunki bu texnologiyani tibbiyot, huquq, IT va boshqa sohalarda qo‘llash mumkin”.
Shuningdek, Shahriyor 2025 yil 22 may kuni bo‘lib o‘tgan Sloveniya-O‘zbekiston biznes forumida ikki davlat Prezidentlariga tarjimonlik ham qilgan. Uning ta’kidlashicha, Sloveniyaga borganida, bu tilni o‘rganishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan va bor-yo‘g‘i olti oyda uni mukammal o‘rganib olgan:
“Sloven tili oson emas. Lekin men o‘zimga dedim – bu tilni o‘rganishim shart. Chunki yangi odamlar bilan tanishish, professorlar bilan muloqot qilishim kerak. Odamlar ko‘pincha til o‘rganayotganda xato qilishdan qo‘rqadi. Ammo men xato qilsam ham gapirishdan to‘xtamadim. Til bilish – har doim hurmat keltiradi. Qolaversa, Lyublyana universitetida ham darslar asosan sloven tilida o‘tiladi, xorijliklar uchun davlat tilini o‘rganish bepul”.
.jpg)
Ayni shu til bilish mahorati Shahriyorga Prezidentlar bilan muloqot qilish, o‘z loyihalarini taqdim etish va ularga tarjimonlik qilish imkonini berdi. Bu voqeani u shunday yodga oladi:
“22 may kuni Sloveniya-O‘zbekiston biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Meni ushbu tadbirga tarjimon sifatida taklif qilishdi. Shu yerda ikki davlat rahbarlari – Shavkat Miromonovich Mirziyoyev va Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musar bilan suhbatlashdik. Prezidentimiz yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida gapirdilar. Bu suhbat menga katta ta’sir qildi. Chunki mening niyatim – sun’iy intellektni O‘zbekistonda ham rivojlantirish”.
Ushbu intervyuni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Live
Barchasi