Superliganing eng yaxshi murabbiyi e’lon qilindi
Sport
−
02 dekabr 1775 1 daqiqa
Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko O‘zbekiston Superligasida ortda qolgan mavsumning “Yilning eng yaxshi murabbiyi” deb topildi. Bu haqda O‘zbekiston professional futbol ligasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ukrainalik mutaxassis joriy mavsumda “Neftchi” boshqaruvida 24 yillik tanaffusdan so‘ng mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. Mutaxassis boshchiligida farg‘onaliklar mavsumni 64 ochko bilan yakunlashga erishdi.
Shu bilan birga, Farg‘ona jamoasi Superliganing eng yaxshi murabbiyi Vitaliy Levchenkoni iste’foga chiqarganini e’lon qildi.
Klub xabarida ma’lum qilinishicha, joriy yilning 30 noyabr kuni Vitaliy Levchenkoning “Neftchi” klubi bilan tuzgan shartnomasi nihoyasiga yetgan. Shu bilan birga, “Neftchi”ning murabbiylar shtabida Vitaliy Levchenko bilan birga faoliyat yuritgan Anvarjon Norqulov, Andrey Annenkov va Farrux Berdiyevlarning ham shartnoma muddatlari yakunlangan.
Ma’lumot uchun, 2022 yilda “Neftchi” bosh murabbiyligini qabul qilib olgan mutaxassis boshqaruvida 2022–2025 yillar davomida jamoa 106 ta rasmiy uchrashuv o‘tkazib, 52 ta g‘alaba, 35 ta durang va 19 ta mag‘lubiyatni qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 noyabr kuni Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi Navoiyning “Qizilqum” klubini 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, 24 yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston chempioni bo‘lgan edi.
Live
Barchasi