Suriyada masjid portlatildi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
26 dekabr 2690 1 daqiqa
Bugun, 26 dekabr kuni Juma namozi vaqtida Suriyaning Homs shahridagi Imom Ali ibn Abu Tolib masjidida portlash sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 6 kishi halok bo‘lgan, 21 kishi jarohat olgan. Bu haqda “Al Mayadeen” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hujum uchun hozircha hech bir tomon rasmiy ravishda javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan, biroq ijtimoiy tarmoqlarda bu hodisa “Ansor as-Sunna” guruhi ishi ekani aytilmoqda. Portlashdan so‘ng Suriya xavfsizlik kuchlari voqea joyini qurshab olgan, tez yordam brigadalari jarohatlanganlarni shifoxonalarga yetkazgan.
Faollar ijtimoiy tarmoqlarda ushbu hujum ortida “Ansor as-Sunna” guruhi turganini aytmoqda. Bu guruh avvalroq alaviylar ko‘pchilikni tashkil etgan hududlarga, xususan Homs, Tartus va Latakiyaga zarba berish bilan bir necha bor tahdid qilgan.
Vadi ad-Dahab Homs shahridagi eng yirik tumanlardan biri bo‘lib, u yerda alaviylar jamoasi yashaydi. So‘nggi paytlarda bu hududda bir nechta qotilliklar sodir etilgan. Eng so‘nggi hodisalardan biri – maktab o‘qituvchisining o‘ldirilishi bo‘lib, u uyiga bomba tashlanishi oqibatida halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq hozirda Suriya aholisining uchdan ikki qismi – 16 milliondan ortiq kishi gumanitar yordamga muhtoj ekani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi