Aliyev parad o‘tkazdi, mehmon bo‘lib Erdo‘g‘an va Shahboz Sharif bordi – Turkiy dayjest
Tahlil
−
10 noyabr 3945 8 daqiqa
Turkiylarda nima gaplar? O‘tgan 1 hafta ichida turkiy dunyoda, xususan Markaziy Osiyoda esda qolarli qanday voqealar yuz berdi. Ushbu hudud vakillari borib yashayotgan, ishlayotgan manzillardagi qiziqarli voqealar tafsilotiga to‘xtalib o‘tish, turkiy olamdagi holatlar haqida so‘z yuritish uchun siz bilan Turkiy dayjestning navbatdagi soni.
Qorabog‘ urushidagi g‘alaba uchun harbiy parad
8 noyabr kuni Ozarbayjon poytaxti Bakudagi Ozodlik maydonida Armanistonga qarshi “Vatan urushida”gi G‘alabaning besh yilligi sharafiga ulkan parad bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakat rahbari Ilhom Aliyev, birinchi xonim Mehribon Aliyeva va bir qator mehmonlar, xususan, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an hamda Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif ishtirok etdi.
Paradda dastlab Ozarbayjon, Turkiya va Pokiston davlat madhiyalari yangradi. Shundan so‘ng, Milliy lider Haydar Aliyev va shahidlar xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlandi. Mudofaa vaziri, general-polkovnik Zokir Hasanov Ozarbayjon Prezidenti, Qurolli kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Ilhom Aliyevga hisobot berdi.
Paradni ochib bergan Aliyev tarixni eslab, mana bunday fikrlarni bildirdi:
“Armanlar bir paytlar “Biz Bakuda choy ichamiz”, der edi, endi esa ular haqiqatan ham choy ichishyapti. Arman harbiy jinoyatchilari hozir Bakuda sud qilinmoqda, tergov hibsxonasida Ozarbayjon choyini ichishyapti. Biz Qorabog‘ va Sharqiy Zangezurga, ota-bobolarimiz zaminiga qaytdik, bu yerda Ozarbayjon bayrog‘i abadiy hilpirab turadi”.
Aliyev urushdagi g‘alabaga qo‘shgan hissasi va bergan yordami uchun Erdo‘g‘anga minnatdorlik bildirdi. Uning aytishicha, Ozarbayjon Turkiyaning bu yordamini unutmaydi.
“Aziz birodarim Erdo‘g‘an Ikkinchi Qorabog‘ urushining dastlabki soatlaridanoq Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatladi. Uning “Ozarbayjon yolg‘iz emas” degan so‘zlari butun dunyoga signal bo‘ldi. Ozarbayjon xalqi bu yordamni hech qachon unutmaydi”, dedi Aliyev o‘z nutqida.
Aliyevga ko‘ra, Ozarbayjon g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi, sababi “mamlakat o‘z yerlarini qaytarib olish uchun o‘ttiz yil davomida mehnat qilib, kuchli iqtisodiyot, mustaqil tashqi siyosat va zamonaviy armiya yaratdi”.
U urushdan vayron bo‘lgan hududlarni tiklash jadallik bilan davom etayotgani, mintaqada 60 ming kishi istiqomat qilayotganini ta’kidladi.
Turkiya rahbari Erdo‘g‘an ham paradda nutq so‘zladi va o‘tmishdagi ishlar qayta takrorlanishiga izn bermasligini aytdi.
“Biz g‘azablanmaymiz va o‘tmishdagi azob-uqubatlar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, deydi Prezident.
Shundan so‘ng, maydon bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining barcha bo‘linmalaridan kolonnalar o‘tdi, zamonaviy tanklar, zirhli texnikalar, uzoq masofaga uchuvchi raketa tizimlari, artilleriya qurollari ham namoyish etildi. Paradda Pokiston Qurolli kuchlari bo‘linmalari va Turkiya Prezidenti gvardiyasining tantanali polki bataloni ham ishtirok etdi. Ishtirokchilarning umumiy soni 3 mingdan oshdi, texnikalar soni esa 150 ga yaqin. Paradda barcha texnikalar qatori Ozarbayjon va Turkiya harbiy texnikasining zamonaviy namunalari bo‘lmish Bayraktar TB2 va Akinci dronlari ham ko‘z ko‘z qilindi.
Parad yakunida Ozarbayjonning dronlari va Turkiya harbiy-havo kuchlarining F-16 qiruvchi samolyotlari shahar uzra parvoz qildi. Vertolyotlarda Ozarbayjon, Turkiya va Pokiston bayroqlari, shuningdek, Aliyevning otasi Haydar Aliyevning surati osmon uzra olib o‘tildi.
1991 yildan beri Tog‘li Qorabog‘ muxtor viloyati chegaralarida tashkil etilgan o‘zini o‘zi e’lon qilgan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi Yerevan ko‘magida Armaniston ma’muriyati tomonidan boshqarilgan. Mintaqaning an’anaviy ozarbayjon tumanlari Armaniston harbiy kuchlari tomonidan bosib olingan. Bu yillar davomida Baku Tog‘li Qorabog‘ning butun hududini, shuningdek, unga tutash yetti tumanni qaytarib olish maqsadini ko‘zlagan. Bunga faqat 2020 yilda erishildi: yetti tuman va Qorabog‘ning bir qismi Ozarbayjonga qaytarildi. 44 kunlik Ikkinchi Qorabog‘ urushi 2020 yil 27 sentyabrdan 10 noyabrgacha davom etdi. Uning asosiy maqsadi, Ozarbayjon tomonining rasmiy bayonotlariga ko‘ra, mamlakatning hududiy yaxlitligini tiklash, Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash hududlardagi Armaniston tomonidan bosib olingan hududlarni ozod qilish, qochoqlar va ichki ko‘chirilgan shaxslarni o‘z yashash joyiga qaytarish edi. 2020 yil 11 noyabrda Rossiya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida uch tomonlama bayonot imzolandi.
2020 yil 3 dekabrda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev mamlakatda 27 sentyabrni Xotira kuni deb belgilash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Ozarbayjon rahbarining boshqa farmoyishiga ko‘ra, Shusha shahri ishg‘oldan ozod qilingan kun – 8 noyabr Ozarbayjonda G‘alaba kuni sifatida tantanali ravishda nishonlanadi.
Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi ko‘p yillik shiddatli mojaro va o‘zaro nafrat ritorikasiga qaramay, 2025 yilning avgust oyida ikki tomon Oq uyda AQSH Prezidenti Donald Tramp vositachiligida Tinch munosabatlar deklaratsiyasini imzolash orqali munosabatlarni normallashtirishga sodiqligini namoyish etdi.
Boysundagi kondan yana gaz sizib chiqdi
O‘zbekistonda ham oxirgi hafta ancha qiziq voqealar bilan o‘tdi. Xususan, o‘zbekistonliklar uchun ancha tanilib ulgurgan kondan yana gaz sizib chiqdi. Bu Surxondaryoning Boysun tumanida joylashgan “Mustaqqillikning 25 yilligi” konidagi vaziyat. 2 noyabr kuni konning 202-sonli gaz qudug‘ida avvaldan yoqib qo‘yilgan olovning vaqtincha so‘nish holati kuzatilgan. Mutaxassislarga ko‘ra, bu holat kondagi geologik jarayon sababli yuz bergan. Shundan so‘ng, havoga zararli moddalar tarqalishining oldini olish maqsadida gaz tezkor ravishda yana yoqib qo‘yilgan. Energetika vazirliginining iddao qilishicha, ushbu jarayon atrof-muhit ifloslanishining oldini olishda standart yondashuv hisoblanadi va xalqaro sanoat xavfsizligi talablariga to‘la javob beradi.
Gaz otilib chiqishi masalasi ushbu kon bilan ilk marta kuzatilayotgani yo‘q. Bundan oldin ham bir necha marotaba katta bosimdagi gaz sizib chiqishi kuzatilgandi. Misol uchun, joriy yilning may oyida ham aynan konning ushbu qudug‘ida tarkibida vodorod sulfidi yuqori bo‘lgan gazning katta bosim bilan otilishi va natijada fontanlanish holatining qaytalanishi kuzatilgandi. O‘shanda vazirlik yuzaga kelgan hodisa yaqin atrofdagi aholi punktlari uchun xavf tug‘dirmasligini ta’kidlagandi.
Mart oyida ham xuddi shu konda, xuddi shu gaz qudug‘ida aynan mana shunday muammo kuzatilgandi.
Konning boshqa bir qudug‘ida, aniqrog‘i 604-sonli quduqda 2024 yilning 1 sentyabr kuni olib borilgan burg‘ilash ishlari vaqtida texnologik jarayonning buzilishi oqibatida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgandi. Ammo o‘shanda o‘lim holatlari kuzatilgandi. Unda 4 kishi qurbon bo‘ldi. 11 kishi jarohatlandi. Halok bo‘lganlar konda ishlagan pudratchi tashkilot xodimlari edi.
Maktab direktori benzin bilan o‘zini yoqmoqchi bo‘ldi
Surxondaryodan uzoqlashmaymiz. Yana bir qiziq voqea aynan viloyatning Qumqo‘rg‘on tumanidagi 39-sonli maktab bilan bog‘liq. Ijtimoiy tarmoqlarda maktabning sobiq direktori o‘zini benzin bilan yoqib yuborishga uringani aks etgan video tarqaldi. Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, ayol maktabga 15 yil rahbarlik qilgan. Ammo joriy yilning 16 sentyabrida u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. 13 oktyabr kuni esa yangi tayinlangan direktor ishini boshlash uchun kelganida sobiq direktor unga qarshilik ko‘rsatgan, undan ketishini so‘ragan, yo‘qsa o‘zini yoqib yuborishini aytgan. Aytilishicha, hozir maktabda yangi rahbar ishini davom ettiryapti. O‘quv jarayoni esa barqaror olib borilmoqda.
Migrantlar yana mushtlashdi
2 noyabr kuni Moskva shahridagi “Filatov lug” turarjoy majmuasida migrantlar o‘rtasida ommaviy janjal sodir bo‘ldi. Voqea joyiga politsiya xodimlari yetib borib, hodisada ishtirok etgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha tekshiruvni boshlab yuborgan. Migrantlar bir-biriga pichoqlar va hatto bolta uloqtirgan. Hodisani telefonida videoga olmoqchi bo‘lgan bir erkakning bo‘yniga pichoq tiralgan, undan suratga olishni to‘xtatish talab qilingan, biroq u voqea joyidan sog‘-omon chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan.
Migrantlarning qayerdan ekani haqida hech qanday ma’lumot berilmagan. Ammo videodan anglashiladi-ki, ular orasida markaziy osiyoliklar, xususan o‘zbeklar ham bor. Sababi ular videoda o‘zbek tilida javob qaytargan.
Turkmanistonlik mansabdor Rossiyada ushlandi
Moskvaning Domodedovo aeroportida Turkmanistonning davlatga qarashli “Demirýollary” kompaniyasi bosh direktori Xidir Rahmonov va uning sevgilisi qo‘lga olindi. Rossiya bojxonachilari juftlikning shaxsiy buyumlari orasidan LSD tabletkalarini topgan. Sud qaroriga ko‘ra, Rahmonov tergov izolyatoriga joylashtirilgan.
Uning qo‘lga olingani haqidagi ma’lumotni “Turkmen.news” nashriga bir-biridan mustaqil ikkita manba tasdiqlagan. Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 4 oktyabrga o‘tar kechasi Rahmonov sevgilisi bilan S7 aviakompaniyasi reysi orqali Ashxoboddan Moskvaga uchib borgan. Domodedovo aeroportining bojxona nazoratida ayolning o‘zini provokatsion tutishi xodimlarning e’tiborini tortgan. Shaxsiy buyumlar tekshirilganda, sintetik psixoaktiv modda hisoblangan LSD tabletkalari topilgan.
Turkmanistonning Rossiyadagi elchisi Eson Aydog‘diyev bu ishni yopishga uringaniga qaramay, Domodedovo shahar sudi sudyasi Dina Xansi Rahmonovni 3 dekabrgacha qamoqda saqlash to‘g‘risida qaror chiqargan.
“Demirýollary” kompaniyasi 2020 yilda o‘sha paytdagi prezident Gurbanguli Berdimuhamedov qarori bilan “Turkmendemirýollary” agentligi (hozirgi Temiryo‘l transporti vazirligi) negizida tashkil etilgan. Kompaniya Turkmaniston temiryo‘l infratuzilmasining bir qismini boshqaradi, yo‘lovchi va yuk tashish, shuningdek temiryo‘llarga oid ko‘prik va boshqa inshootlarni qurish bilan shug‘ullanadi.
Xidir Rahmonovning ukasi Arkach Rahmonov esa Turkmaniston Prezidenti xavfsizlik xizmati ofitseri hisoblanadi.
Turkiyada katta portlash
Erdo‘g‘an Ozarbayjondagi harbiy paradda bo‘lgan paytda Turkiyaning Kojaeli viloyati shimoli-g‘arbidagi atir ishlab chiqaruvchi fabrikada kuchli portlash yuz berdi. Portlash to‘lqini yirik yong‘inga sabab bo‘lgan, oqibatda butun bino alanga ichida qolgan. Yong‘in o‘chirilgach, qutqaruvchilar halok bo‘lganlarning jasadlarini topgan. Hozirda jabrlanganlarning soniga aniqlik kiritilmoqda. Hozircha olti kishi halok bo‘lgani va bir kishi jarohat olgani ma’lum. Yong‘in sabablari noma’lum bo‘lib, tergov davom etmoqda.
Bu galgi yetkazmoqchi bo‘lganlarimiz shular edi. Bizni kuzatishda davom eting.
Live
Barchasi