Tadbirkor Samanta Mostin Avstraliyaning yangi general-gubernatori bo‘ladi

Olam

image

Mirvac investitsiya kompaniyasi rahbari Samanta Mostin Avstraliyaning navbatdagi general-gubernatori bo‘ladi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Entoni Albaneze ma’lum qildi.

"Mostin general Devid Xerlining o‘rnini egallaydi va 2024 yil 1 iyulda qasamyod qilganidan so‘ng Avstraliyaning 28-general-gubernatori bo‘ladi", deydi Albaneze.

Uning aytishicha, yangi general-gubernator nomzodi allaqachon Buyuk Britaniya qiroli Charlz III tomonidan ma’qullangan.

59 yoshli Mostin o‘z faoliyatini Yangi Janubiy Uels Oliy sudida boshlagan, so‘ngra uni mamlakatning eng yirik yuridik firmalaridan biri Gilbert and Tobin’da davom ettirgan. U yerdan ketganidan beri Mostin Virgin Australia va Citibank Australia’da yuqori lavozimlarda ishlagan hamda bir qancha notijorat va xayriya jamg‘armalarini boshqargan. Mostin biznes, jamiyat va ayollar oldidagi ajoyib xizmatlari uchun 2021 yilda davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Qayd etish joizki, Mostinning bu lavozimga tayinlanishi Avstraliya tarixida ikkinchi marta ayol kishining mamlakat general-gubernatori bo‘lishidir. 2008 yilda bu lavozimni egallagan Kventin Elis Luiza Brays Avstraliyaning birinchi ayol general-gubernatori edi. U bungacha ham besh yil davomida Avstraliyaning Kvinslend shtati gubernatori bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, Avstraliya general-gubernatori monarxning (davlat rahbari qirol Charlz III) mamlakatdagi rasmiy vakili sanaladi. U ijro etuvchi hokimiyat boshlig‘i bo‘lib, uning vazifalariga elchilar, vazirlar va sudyalarni tayinlash, qonun loyihalarini tasdiqlash, saylovlarni tayinlash va mukofotlarni topshirish kiradi. General-gubernator Federal Ijroiya Kengashi rahbari va Avstraliya Mudofaa kuchlarining Bosh qo‘mondoni hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Avstraliya Samanta Mostin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing