Tarixda ilk bor Olimpiya ochilishi bir vaqtning o‘zida bir nechta joyda bo‘ladi
Sport
−
17 Oktabr 2025 2424 2 daqiqa
Kecha, 16 oktyabr kuni Italiya tashkiliy qo‘mitasi 2026 yilgi Milan–Kortina qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi 6 fevral kuni Milandagi mashhur “San-Siro” stadionida, shuningdek, Kortina, Predazzo va Livigno maydonlarida bir vaqtning o‘zida o‘tkazilishini e’lon qildi. Bu Olimpiya tarixida ilk bor bir nechta joyda o‘tkaziladigan ochilish marosimi bo‘ladi. Bu haqda “Associated Press” nashri xabar berdi.
Milan–Kortina 2026 o‘yinlari 6–22 fevral kunlari Italiya shimolidagi Lombardiya va Veneto viloyatlari hamda Alto-Adidje va Trentino avtonom provinsiyalarida o‘tkaziladi.
“Ochilish marosimi bu o‘yinlarning ruhini belgilovchi yagona lahza”, deydi Milan–Kortina qishki Olimpiyada tashkiliy qo‘mitasi bosh direktori Andrea Varnier.
Har bir mamlakat ikki bayroqdor bilan ishtirok etadi va ular turli joylarda paydo bo‘lishi mumkin. Italiya mezbon sifatida to‘rtta bayroqdor ikki erkak va ikki ayol bilan chiqadi. Olimpiya mash’alasi ham ikki joyda yoqiladi. Milandagi Arka hamda Kortinadagi Piazza Dibona maydonlarida.
Marosimda yaqinda, 91 yoshida vafot etgan mashhur italyan modeleri Jorjo Armaniga hurmat bajo keltiriladi. Armani o‘nlab yillar davomida Italiya terma jamoasi uchun Olimpiya liboslarini ishlab chiqqan va Italiya Milliy Olimpiya qo‘mitasi sobiq prezidenti Jovanni Malagoning yaqin do‘sti bo‘lgan.
“Bu marosim uyg‘unlik, go‘zallik, dizayn va italyancha uslub haqida bo‘ladi. Jorjio Armani xotirasiga bag‘ishlab bir lahzalik minnatdorlik va qarsaklar bo‘ladi”, dedi Malago.
Ma’lumot uchun, Olimpiyada ochilish marosimi “Inter” va “Milan” klublarining hozirgi uy stadioni “San-Siro”da o‘tkaziladi. Stadionni buzib, yangi arena qurish rejalari mavjud bo‘lsa-da, tashkilotchilar bu tarixiy majmuaning Olimpiya ochilishida mezbonlik qilishi ramziy ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Diyor Toshpo‘latov
Live
Barchasi