Tarixiy antirekord: Eronda 42 kundan beri internet ishlamayapti

Olam

image

Eronda internet aloqasi 42 kundan buyon deyarli to‘liq ishlamay kelmoqda. Bu haqda “NetBlocks ”xalqaro internet monitoring xizmati xabar qildi.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, internet o‘chirilishi 42-kunga o‘tib umumiy hisobda 984 soatdan oshgan. Bu holat mamlakat bo‘ylab deyarli to‘liq internet izolyatsiyasi sifatida baholanmoqda. “NetBlocks”ga ko‘ra, bu hodisa global monitoring tarixida butun bir davlat miqyosida qayd etilgan eng uzoq internet uzilishlaridan biri hisoblanadi.

Mutaxassislar fikricha, bunday uzoq davom etayotgan cheklovlar aholining kundalik hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi: onlayn xizmatlar, aloqa, ta’lim va iqtisodiy faoliyat sezilarli darajada izdan chiqadi.

Hozircha internet uzilishining aniq sabablari va uning qancha muddat davom etishi haqida rasmiy va to‘liq ma’lumot berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘llashi bilan AQSH–Isroil–Eron urushi boshlangan edi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilingandi.

Uzoq vaqt davom etgan urushlar fonida joriy yilning 7 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq va zudlik bilan ochish evaziga Eronga beriladigan zarbalar ikki haftaga to‘xtatilishini e’lon qilgan edi.

Isroil AQSHni qo‘llab-quvvatladi, biroq rasmiylar o‘t ochishni to‘xtatish rejimi Livanga taalluqli emasligini qayd etdi.

O‘sha kuni Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) harbiy operatsiya boshlanganidan beri Livandagi “Hizbulloh” infratuzilmasiga qarshi eng yirik hujum yakunlanganini ma’lum qildi.

Qo‘shma Shtatlar ham Livan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga kirmasligini bildirdi. Livanga qilingan hujumlardan so‘ng Eron Hormuz bo‘g‘ozini qaytadan yopib qo‘ydi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron internet AQSh–Isroil–Eron urushi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing