Tarovih namozi o‘qiladigan masjidlarga navbatchi energetiklar biriktirildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda Ramazon oyida tarovih namozi o‘qiladigan masjidlarga navbatchi energetiklar biriktirildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, vazirlikda iste’molchilarni energiya resurslari bilan uzluksiz va barqaror ta’minlash chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Unda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadov, “O‘zenergoinspeksiya” hamda yoqilg‘i-energetika sohasidagi barcha aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari ishtirok etgan.

Yig‘ilishda, xususan, muborak Ramazon oyiga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi va quyidagi chora-tadbirlar belgilangan:

Yoqilg‘i-energetika ob’ektlaridagi asosiy va yordamchi qurilmalarning ishonchli faoliyatini ta’minlash, aholi va ulgurji iste’molchilarga energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan.

Ikki mingdan ortiq jome’ masjidlarda elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash maqsadida taqsimlash tarmoqlari to‘liq ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgan.

Tarovih namozlari o‘qiladigan masjidlarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun har bir masjidga bir nafardan navbatchi energetik xodim biriktirilgan. Bundan tashqari, zarur holatlarda dizel generatorlarini o‘rnatish choralari ko‘riladi.

Shuningdek, mazkur masjidlarda 2547 nafar muhandis-texnik xodimdan iborat navbatchilik tashkil etilgan. 210 ta tezkor avariyaviy chiqish brigadasi shakllantirilib, ularga 250 ta avtomobil va maxsus texnika biriktirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ramazon oyi munosabati bilan O‘zbekistondagi 1 762 ta masjidda “Xatmi Qur’on” tadbirlari o‘tkazilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Ramazon oyi Tarovih namozi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing