Tatariston rahbari rus tilini bilmaydigan migrant bolalarning o‘qitilmasligiga qarshi chiqdi
Olam
−
26 avgust 6100 2 daqiqa
Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixonov hukumatning rus tilini bilmaydigan migrant bolalarning maktablarda o‘qishini taqiqlovchi qonunini keskin tanqid qilib, buni “g‘irt bema’nilik” deya ta’rifladi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Tatariston rahbari Rossiya hukumatining bu qarorini qoralab, bolalarning rus tilini bilmasligi ularning aybi emasligini, shuningdek, ularga buning o‘rniga tilni o‘rgatish kerakligini eslatib qo‘ygan.
“Ishlash kerak, tizimli ishlash kerak. Bolani qanday qilib maktabga kiritmaslik mumkin? Uning joyi maktab emasmi? Tilni bilmasligi uning aybi emas-ku, axir. O‘rganadi. Har qanday bola 3-4 oy ichida tilni o‘rganadi. Buni hech qanday yomon joyi yo‘q. Bu qaror – g‘irt bema’nilik. Bolaga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish kerak. Bu bola axir, uning umuman aybi yo‘q”, degan Minnixanov.
Qayd etilishicha, Minnixonovning so‘zlariga ko‘ra, hozir Tataristonda 3 mingdan ortiq chet ellik bolalar hamda 22 mingdan ortiq migrant talabalar tahsil olmoqda.
“Migrantlarsiz iloji yo‘q. Ular bizning mehnat resurslarimiz. Ularni qayerdan olamiz? Ularning ko‘pchiligi qonunlarga rioya qiluvchi mehnatkash fuqarolar. Bu masala bo‘yicha tizimli ishlash kerak”, degan Tatariston rahbari ta’lim va fan sohasi xodimlari yig‘ilishida.
Bundan tashqari, Minnaxonov chet ellik bolalar uchun rus tilini o‘rganish kurslarini tashkil qilish topshirig‘ini bergan.
Ma’lumot uchun, Rossiyada 2025 yil 1 apreldan boshlab chet ellik bolalarni maktablarga qabul qilishda rus tilini bilishini sinovdan o‘tkazish qonuni kuchga kirgan. Bu qonun migrant bolalar maktabga kirishdan oldin rus tilini bilish qobiliyatini tasdiqlovchi testdan muvaffaqiyatli o‘tishini talab qilmoqda.
Rossiya Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va sanitariya-epidemiologik nazorat xizmatining may oyidagi hisobotiga ko‘ra, ma’muriyat test uchun migrantlar tomonidan topshirilgan arizalarning 81 foizini rad etgan, chunki chet el fuqarolari hujjatlarini to‘liq holda taqdim etolmagan, noto‘g‘ri ma’lumot bergan yoki maktablarda joy qolmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat dumasining spikeri Vyacheslav Volodin xorijiy fuqarolar bolalarining o‘qishga qabul qilinishi sezilarli darajada qisqarganini ma’lum qilgan edi.
Nodir Shukurov
Live
Barchasi